Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
HAYDOVCHI DIQQATIGA: yangi namunadagi guvohnoma oling, muddat oz qoldi...
17:21 / 2020-05-16

Bu moddada qanday jazo koʻzda tutilgan? 135-moddaga koʻra, bunday qoidabuzarlik uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solinadi.


Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi qaroriga muvofiq amaldagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish tartibi haqida OAVda koʻplab koʻrsatuv va eshittirishlar berildi, maqolalar chop etildi, xabarlar eʼlon qilindi. Shunga qaramay ayrim fuqarolarimiz oʻrtasida haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish shartmi, hozir amaldagisi bilan yuraversak boʻlmaydimi kabi qarashlar hamon uchrab turibdi. Shularni inobatga olgan holda biz bu haqida yana bir bor tushuncha berishga ahd qildik.

– Hozirda haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish ishlari viloyat IIBB YHXB, tuman yoki shahar IIB huzuridagi roʻyxatlash va imtihon olish boʻlinmalarida amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent viloyati IIBB YHXB roʻyxatlash va imtihon olish boʻlimi inspektori Alisher Sheraliyev. – Bunda uzundan-uzoq navbatlar, ortiqcha qogʻozbozliklar yoʻq. Murojaat qilgan fuqaro juda qisqa vaqtda haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirib olishi mumkin.

Shuni aytish lozimki, 2020-yil 31-dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalarini, berilgan sanasidan va amal qilish muddatidan qatʼiy nazar, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish shart. 2021-yil 1-yanvardan boshlab eski namunadagi guvohnomalar haqiqiy emas, deb topiladi. Bu esa haydovchiga ancha noqulayliklar keltiradi. Sababi, haydovchi transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargudek boʻlsa, unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 135-moddasiga (Yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) asosan chora koʻriladi hamda huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilguniga qadar transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qoʻyiladi.

Bu moddada qanday jazo koʻzda tutilgan? 135-moddaga koʻra, bunday qoidabuzarlik uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solinadi.

Yangi nusxadagi guvohnoma olish uchun fuqarolardan faqatgina pasport, eski nusxadagi haydovchilik guvohnomasi va uning taloni hamda toʻlov pattasi talab etiladi.

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun qancha miqdorda pul toʻlanishi kerak, degan savol ham koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Eski guvohnomani yangisiga almashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi (hozirda 156 ming 100 soʻm) miqdorida toʻlov undiriladi. Bundan tashqari ilk bor haydovchilik guvohnomasini olayotganlar ham bor. Ular birinchi marta imtihon topshirish uchun 44 ming 600 soʻm va imtihondan oʻtgach guvohnoma olishga 156 ming 100 soʻm miqdorida pul toʻlaydi.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida eslatib oʻtilgan qaroriga asosan haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Shu muddat oʻtgach uni almashtirib olish talab etiladi.

Darvoqe, yangi nusxadagi haydovchilik guvohnomasiga shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilganini ham aytib oʻtish joiz. Agar siz mamlakatimiz ichida safarga chiqadigan boʻlsangiz shu guvohnoma bilan aeroport va vokzallarda bilet olishingiz, mehmonxonalarga bemalol joylashishingiz mumkin. Shunday ekan, haydovchilik guvohnomangizni yangisiga almashtirishga shoshiling, muddat oz qoldi.

Bugungi kunda Toshkent viloyati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi binosida, Yangiyoʻl, Angren, Olmaliq, Chirchiq, Oʻrta Chirchiq markazlarida roʻyxatlash va imtihonlash boʻlinmalari faoliyat olib bormoqda. Ularning barchasida tashrif buyurgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratishga harakat qilinmoqda.

Rustam ASQAROV,
Toshkent viloyati IIBB YHXB
Matbuot boʻlinmasi boshligʻi.