Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy va antropogen omillar bilan bog‘liq 
15:47 / 2024-10-02

So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi natijasida tabiiy changlar konsentratsiyasi ko‘rsatkichlarining oshishi hamda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga ta’sir qilmoqda. Xususan, 29 sentyabr kechki vaqtda Toshkent shahrida RM2,5-mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m3 ni tashkil etib, xalqaro IQAir ma’lumotlar bazasida dunyoda eng ifloslangan shaharlari reytingida 2-o‘rinda belgilandi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi. 

Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qo‘shimcha ravishda bir kunda poytaxtga o‘rtacha 150 mingdan 300 minggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkent shahrida transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021 yilda 212,4 ming tonna, 2022 yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan, ya’ni zararli tashlamalar 190,6 ming tonnaga (47,3 foiz) ko‘paygan. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA