Global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi natijasida tabiiy changlar konsentratsiyasi ko‘rsatkichlarining oshishi, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrining havosi ifloslanishi dolzarb masalaga aylandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Yer sharining cho‘l va yarim cho‘l xususiyatlarga ega, chang bo‘ronlari tez-tez kuzatiladigan mintaqasida joylashgan. Qolaversa, Toshkent tog‘lar bilan o‘ralgan hamda bu shamol oqimiga to‘sqinlik qiladi. Natijada havodagi zararli moddalar harakatlanmasdan, bir joyda turib qoladi va atmosfera havosi ifloslanishiga sabab bo‘ladi.
Iqlim o‘zgarishi sababli havoda chang massalarining to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyoning ko‘plab davlatlarida uchramoqda. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, iqlimshunos-ekspert Erkin Abdulahatov bu borada o‘z fikr va tavsiyalarini berib o‘tdi.
– Yer yuzining markaziy qismida joylashgan ko‘plab mamlakatlar, Afrikaning shimoliy qismidan Xitoygacha bo‘lgan hududda joylashgan davlatlarda cho‘llashish jarayoni davom etmoqda va bu havoda chang massalari ko‘payishiga olib kelmoqda.
PM2,5 — havodagi qattiq zarrachalar yoki shu kabi zarrachalarning suv bug‘i bilan birikishidan hosil bo‘lgan birikma bo‘lib, diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘ladi (soch tolasidan 30 barobar kichik). Havoni ifloslantiruvchi boshqa mayda zarrachalar ham bo‘lib, ularning kattaligiga qarab PM1, PM10 va PM100 kabi zarrachalar ustida kuzatuv va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan standart asosida mezonlar ishlab chiqiladi. Bu yil davomida 5 mkg/m(3), sutkalik 15 mkg/m(3)ga teng. Bu ko‘rsatkichlar biror-bir davlatning milliy standartlarida aks etmagan. Chunki, “Air Quality Index” platformasi qarorlar, tavsiyalar ishlab chiqish uchun yetarli platforma hisoblanmaydi. Faqatgina ilmiy-tadqiqot institutlariga har bir davlatning o‘z milliy standartlari borligi va ularni solishtirib, reytinglarni shakllantirish qiyin bo‘lgani sababli 5 mkg/m(3) qiymat asosida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan ma’lumot asosida shaharlar reytingini shakllantirish uchun qulay bo‘lgan qiymat hisoblanadi.
2024 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Gidrometeorologiya agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan chuqur tadqiqotlar asosida O‘zbekistonning milliy standartlari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, havo ifloslanishining me’yori yillik 35 mkg/m(3), sutkalik 60 mkg/m(3) deya belgilangan.
Taqqoslash uchun, dunyodagi hech bir davlatning standarti JSSTniki bilan teng emas. Hattoki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham o‘z milliy standartlarini ishlab chiqqan. 2023–2024 yillarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan milliy standartlarimiz asosida “Air Monitoring Tashkent” platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur platforma orqali Toshkent shahridagi hududlar kesimida ma’lumotlar har soatda yangilab boriladi va ishonchli manba hisoblanadi.
Havo ifloslanishida “shamol guli” degan tushuncha bor, ya’ni atmosfera ifloslanishida shamol muhim rol o‘ynaydi. Dengiz bo‘yi davlatlarida yil bo‘yi shamol oqimi yuqori bo‘lgani sababli chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qolmaydi. Toshkentda esa 1950–1980-yillarda shamol shimoliy-sharqdan kirib kelgan va shaharda aylanib, “shamol guli”ni hosil qilgan. 1990-2020-yillarda esa “shamol guli” o‘zgardi, ya’ni shamol oqimining kirib kelishi va shamol harakati kamaygani sababli Toshkent chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qoladigan hududga aylandi.
Toshkentda o‘tgan asrda shamol tezligi 1,7 metr/sekundga, 1981–2010-yillarda esa 1,4 metr/sekundga teng bo‘lgan. So‘nggi 5 yillikda esa 1,3 metr/sekundga tushib ketgan. Toshkentning tog‘lar bilan o‘ralgani ham shamol harakatiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, poytaxtda tartibsiz qurilayotgan baland binolar ham shamolning harakatlanishiga xalal bermoqda. Bu esa poytaxtda chang zarrachalarining muallaq turib qolishi va havoning ifloslanish darajasi ortishiga olib kelmoqda.
Biz yashillik deganda odatda daraxtlarni tushunamiz. Lekin aslida yashillikka gazonlar va daraxt aralash butalar ham kiradi. 2016 yilga nisbatan 2023 yilda qurilish maydonlari 2 barobarga ko‘paygan va natijada yashil maydonlar ikki barobar kamaygan. Ya’ni, daraxtlarga qaraganda yashil gazonlar keskin kamayib ketgan.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA