Toshkent shahrida havo sifati bilan bog‘liq muammolarning oqibatlarini yumshatish maqsadida changlanishni kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, barcha tumanning markaziy va ichki ko‘chalari maxsus texnikalar yordamida muntazam yuvilmoqda. Yo‘l bo‘ylarida o‘rnatilgan sun’iy sug‘orish tizimlari ham to‘liq quvvatda ishlatilmoqda. Bu esa changlanishni kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Ma’lumki, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri yo‘l qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlashdir. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan paytda qo‘llaniladi.
Shu sababli, Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan yo‘l qoplamasiga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan bo‘lishiga qaramay, poytaxtdagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalari ishga tushirilmoqda.

Tadbirlar shahar, tuman va kommunal tuzilmalar hamkorligida muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, shahar muhitini namlash va tozalash vazifalarini bajarish uchun jami 55 ta maxsus texnika safarbar etilgan.
Ularning 18 tasi Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasidan, 12 tasi tuman obodonlashtirish bo‘limlaridan, 4 tasi Toshkent suv ta’minoti korxonasi, 17 tasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan va 4 tasi "Maxsustrans" DUKdan jalb qilingan.
Shuningdek, yashil hududlarni sug‘orish tizimlari ko‘zdan kechirilib, 3 560 000 kv. m maydonni qamrab olgan maysazorlar va butalarni muntazam sug‘orish uchun mo‘ljallangan sprinkler tizimlarining ishlashi qayta yo‘lga qo‘yildi.

17 ta kanalda yuqori bosimli suv purkash tizimlari qayta ishga tushirilib, atrofdagi hududlarda changning ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilinmoqda.
Havoni tabiiy namlantirish, chang zarrachalarini cho‘ktirish va mahalliy mikroiqlimni yaxshilashga xizmat qiladigan 55 ta favvoraning ishi yana yo‘lga qo‘yildi.
Qish mavsumida vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan favvora nasos stansiyalarining elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Maxsus texnikalar yordamida ko‘chalardagi daraxtlar, yo‘laklar va yo‘l bo‘ylarining yuvish ishlari amalga oshirildi. Ishlar uch smenada olib borilib, bu orqali changni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Bularning barchasi atmosfera havosi sifatining yomonlashuvini kamaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA