Ma’lumki, havo – eng arzon va eng qimmat tabiat boyligi. Ayni kunlarda buni yanada chuqurroq his qilib turibmiz. O‘zbekistonda havo sifati va atrof-muhitni muhofaza qilish dolzarb vazifaga aylandi.
Joriy yilning 18 noyabr kuni Prezident tomonidan qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan ekologiya va turizm sohasini boshqarishda tub yangilanishlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlar ekologik muammolarga tezkor javob berish, tabiatni muhofaza qilish, chiqindilar bilan ishlash, havo sifati, yashil hududlar va turizmni rivojlantirish kabi sohalarda yangi, zamonaviy va samarali tizimni barpo etishga qaratilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish belgilandi.
Bizga berilgan har bir daraxt – nafas olish va hayot uchun imkoniyat ekanligini unutmasligimiz kerak.
2026 yildan boshlab huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarning joriy etilishi ekologik qonunchilikning samaradorligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldindan oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hukumat bu holatni diqqat markaziga oldi va bir qator amaliy choralar belgilab berildi. Endilikda ekologiya vazirligi tugatilib, o‘rniga to‘liq mustaqil va tezkor bo‘lgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Shuningdek, ilk bora yangi tuzilma ya’ni, Ekopolitsiya yo‘lga qo‘yildi. “Toza havo”, “Chiqindidan xoli hudud”, “Yashil makon” loyihalari keng ko‘lamda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026 yildan barcha yirik korxonalar fon monitoring stansiyalari o‘rnatishi majburiy bo‘ladi. Daraxt kesish, ekologik ekspertizadan istisno qilish kabi holatlarga qat’iy taqiq joriy etildi.
Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi. Yangi tabiiy hududlar va mahalliy tabiat bog‘lari asosiy muhofaza rejimiga ega bo‘ladi. Shu asosda umummilliy loyihalar va ekologik tarbiya ya’ni, “eko-madaniyat” — aholi orasida ekologik hayot tarzi va eko-odatlarni shakllantirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu kabi ekologik islohotlar nafaqat havo sifati va atrof-muhitni yaxshilashga qaratilgan, balki aholi salomatligi, bioxilma-xillikni saqlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydi.
Firuza Muhitdinova, TDYUU professori