So‘nggi yillarda havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar ko‘plab davlatlar uchun jiddiy chaqiriqqa aylanmoqda. Shu bois, ekologik siyosatni shakllantirishda aniq ma’lumotlar, zamonaviy monitoring tizimlari va tahliliy yondashuvlarga tayanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tokio shahrida o‘tkazilgan “Tokyo LEADS: Infrastructure Innovation – Impact, Learning and Adaptation” mavzusidagi xalqaro seminar doirasida havo sifati monitoringi va ekologik boshqaruvni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattorov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Seminar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi hamda Yaponiya Hukumati tomonidan tashkil etildi. Unda turli mamlakatlardan davlat idoralari vakillari, tadqiqotchilar va sohaviy mutaxassislar qatnashib, infratuzilma va ekologik siyosat sohasida qarorlar qabul qilishda samarali yondashuvlar yuzasidan tajriba almashdi.

Muhokamalar jarayonida ekologik siyosat samaradorligini baholashda faqat xarajatlar hajmiga emas, balki uning ijtimoiy, iqtisodiy va atrof-muhitga ta’siriga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Sessiyalar davomida qarorlarni tahlil qilishda eksperimental va kvazieksperimental usullardan foydalanish, havo sifati monitoringini takomillashtirishda raqamli ma’lumotlar, tahlil platformalari hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ekologik ko‘rsatkichlarni davlat byudjeti va moliyaviy mexanizmlar bilan bog‘lash masalalari ham ishtirokchilar e’tibor markazida bo‘ldi.
Taqdimotlar doirasida Farrux Sattorov O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ekologik tartibga solishni eng yaxshi mavjud texnologiyalarga asoslangan holda bosqichma-bosqich joriy etish, tashlamalar bo‘yicha yagona inventarizatsiya tizimini shakllantirish hamda PM2.5 mayda zarrachalar konsentratsiyasini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiy instrumentlar orqali ekologik talablarni rag‘batlantirish choralari ham rejalashtirilgan.
Tokioda o‘tkazilgan ushbu xalqaro seminar ekologik boshqaruvda alohida chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmasdan, tizimli va ma’lumotlarga asoslangan yondashuvga o‘tish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Tadbir iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA