«Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish» qo‘shma loyihasi doirasida «Zamin» fondi va Gidrometeorologiya xizmati agentligi BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) ko‘magida O‘zbekistonda havo sifati bo‘yicha milliy normativlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan gibrid shakldagi davra suhbatini o‘tkazdi.
O‘zgidromet Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda normativlarni ishlab chiqish borasidagi ishlarning joriy natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. UNEP vakili o‘z so‘zida toza havo sohasida asoslangan xulosa qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda havo sifati ma’lumotlaridan foydalanish salohiyatiga e’tibor qaratdi.

Finlyandiya metereologiya instituti vakili prognozlashtirish maqsadlarida havo sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan samarali foydalanishga bo‘lgan talablarni bayon qildi. JSST eksperti havo sifati bo‘yicha milliy normativlarni ishlab chiqishda mintaqaning tabiiy-iqlim xususiyatlarini va ularning aholi sog‘ligiga ta’sirini hisobga olish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda havoning uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyaga urg‘u berilib, milliy standartlarni ishlab chiqishda O‘zbekiston uchun afzalliklari haqida so‘z yuritildi.
M.Qosimova, O‘zA