Toshkent viloyatida ekologik vaziyatni yaxshilash, havo ifloslanish darajasini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar oldidan tungi yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamov boshchiligida viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda hududdagi ekologik vaziyat, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorining ortish sabablari hamda quvvat resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari atroflicha muhokama qilindi. Ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining ekologik normalarga to‘liq amal qilmayotgani, jumladan, issiqxona xo‘jaliklari hamda sanoat ob’ektlarida chiqindilarning tartibsiz yoqilishi havoning ifloslanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Muammolarni tizimli bartaraf etish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi mas’ullari hamda viloyat Prokuraturasi, IIBB, FVB, Milliy gvardiya va Ekologiya boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilgan bo‘lib, ular tomonidan muntazam ravishda nazorat reydlari o‘tkazilmoqda.



Xususan, Ohangaron tumani Do‘stlik mahallasida joylashgan ayrim xususiy korxonalarda qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar, jumladan, polietilen moddalar yoqilgani aniqlandi. Bu atrof-muhitga zararli moddalar tarqalishi va mahalliy aholi salomatligiga xavf tug‘ilishiga sabab bo‘lgan.



Ishchi guruh tomonidan korxonalar faoliyati to‘xtatildi. Hozirda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda va tekshirish natijalari asosida qonunchilikka muvofiq choralar qo‘llanadi. Shuningdek, nazorat tadbirlarida ayrim joylardagi issiqxona egalari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ekologik talablarga rioya qilish, chang-gaz tozalovchi moslamalarni o‘rnatish, rezina va boshqa turdagi chiqindilarni yoqilg‘i sifatida ishlatmaslik bo‘yicha ogohlantirishlar berildi va tegishli choralar ko‘rilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.