Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Havo ifloslanishiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?
10:55 / 2025-09-26

Bugungi kunda butun dunyoda atmosfera havosining ifloslanishi, havo tarkibida inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan moddalarning keskin ortib borayotgani eng dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanmoqda. Yaqinda poytaxtimiz Toshkent shahri atmosfera havosi eng iflos bo‘lgan shaharlar ro‘yxatining eng birinchi o‘rinidan joy oldi. Bu holat tez-tez ro‘y berayotgani achinarli va xavotirli hol. Atmosfera havosining buzilishi, albatta, inson hayoti va sog‘ligi uchun juda xavfli hisoblanadi.

Atmosfera havosi yomonlashib ketishi muammosining yuzaga kelish omillari, sabablari va bartaraf etish yo‘llari xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda Yer sayyorasida atmosfera havosini ifloslantirishga asosan qanday omillar sabab bo‘lmoqda?

– Inson hayoti uchun suv va oziq-ovqat qay darajada zarur bo‘lsa, havo ham shunchalik muhim. Atmosfera havosining tozaligi sog‘lom hayotning asosi, tabiat va butun biosferaning barqaror rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit hisoblanadi. Shuning uchun ham havo ifloslanishining oldini olish, uni muhofaza qilish va tozaligini ta’minlash bugungi zamonaviy jamiyatning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Atmosfera havosining ifloslanish sabablariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bir qator holatlar sabab bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Avvalo, havo tarkibidagi toza kislorod miqdorining kamayishi asosan antropogen, ya’ni inson faoliyatiga oid omillar bilan bog‘liq.

Jumladan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari chiqindilari, avtomobil va transport vositalari chiqaradigan gazlar, qazilma yoqilg‘i – neft, gaz va ko‘mirdan foydalanish oqibatida chiqadigan turli chiqindilar va tashlamalar, maishiy chiqindilarni yoqish va energiya iste’molining ortishi, daraxtlarning kesilishi, yashil hududlarning qisqarishi kabilar insoniyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan omillardir.

Bundan tashqari, tabiiy omillar – iqlimning o‘zgarishi, suv resurslarining kamayib borishi,  yerlarning asta-sekin cho‘llanishi,  vulqon otilishi, chang to‘fonlari, o‘rmon yong‘inlari ham havo tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

—  Ifloslangan havo esa, albatta, inson salomatligiga ta’sir qilmay qolmaydi.

—  Juda to‘g‘ri, tarkibida zararli moddalar ko‘p bo‘lgan, ifloslangan havoning oqibatlari ayanchli bo‘ladi. Atmosfera havosining ifloslanishi, avvalo, inson salomatligi, tabiat va iqlimga jiddiy xavf tug‘diradi. Turli nafas yo‘llari kasalliklari, allergiyaning ko‘payishiga olib keladi. Shuningdek,  yurak-qon tomir kasalliklarining ortishiga, qishloq xo‘jaligi hosildorligi pasayishiga, ozon qatlamining zararlanishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, global muammolardan biri — iqlim o‘zgarishi jarayoni tezlashishiga olib keladi. Ya’ni, ko‘ryapsizmi, ekologik muammolar bir-biriga zanjir singari bog‘liq, birining orqasidan boshqasi yuzaga keladi.

—  Atmosfera musaffoligini saqlash, muhofaza qilishning qanday yo‘llari mavjud, nimalarga e’tibor qaratish kerak?

— Havo tozaligini saqlash har bir davlat va fuqaro uchun muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Jumladan, eng avvalo, yashil hududlarni kengaytirish – ko‘chat ekish, o‘rmonlarni, yashil maydonlarni muhofaza qilish lozim.

Ikkinchidan, ekologik toza transportdan foydalanish – elektromobillar, velosiped va jamoat transportidan kengroq foydalanishni yo‘lga qo‘yish, yanada ommalashtirish zarur.

Uchinchidan, ishlab chiqarishda zamonaviy filtr va tozalash uskunalarini joriy qilish maqsadga muvofiqdir.

To‘rtinchidan, qazilma yoqilg‘idan foydalanishni kamaytirish, quyosh, shamol va gidroenergiya kabi qayta tiklanuvchi manbalarga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonlarini tezlashtirish kerak.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, atmosfera muhofazasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarur. Qachonki, keng aholi vakillari ekologik xavf-xatarlarning yuzaga kelish omillarini bartaraf etishga shaxsiy mas’uliyat bilan yondashishsa, bu borada davlat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini yanada yaqqolroq ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, atmosfera havosini muhofaza qilish bu kelajak avlodlar salomatligi va barqaror taraqqiyot kafolatidir. Har birimiz o‘z hayot tarzimizda kichik bo‘lsa-da, amaliy qadamlar qo‘ysak – ko‘chat eksak, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlasak, ularni to‘g‘ri utilizatsiya qilsak, toza energiya manbalariga o‘tsak, global miqyosdagi toza havo harakatiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Muhtarama Komilova suhbatlashdi, O‘zA