Poytaxtimizda havaskor ijodkor yoshlar teatr-studiyalari respublika ko‘rik-festivali yakunlandi.
Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rik-festivalning ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, respublika kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan dastlabki bosqichida ta’lim maskanlarining havaskorlik ijodiy teatr-studiyalari faol ishtirok etdi.

Yakuniy bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 15 ta jamoa, 168 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Yoshlar tomonidan taqdim etilgan spektakllar Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri, O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri, “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyalarida namoyish etildi.

Ko‘rik-festival mamlakatimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, iste’dodlarni izlab topish, ommaviy tadbirlar saviyasini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. Ko‘rik -festival davomida jamoalarning badiiy chiqishlarida nutq madaniyati, sahna ko‘rinishlarining badiiy-g‘oyaviy saviyasi, asar mavzusining qahramonlar tomonidan ochib berilishi, badiiy mahorat kabi mezonlarga katta e’tibor qaratildi. Turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA