Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hassos shoir, daryodil insonning tabarruk yodi
19:24 / 2025-05-05

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov hayot bo‘lganida  96 bahorni qarshi olgan bo‘lar edi.

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti hamkorligida shoir ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkaazildi. 

Ibroyim og‘aning “Baxt lirikasi”, “Kunchiqar yo‘lovchisiga”, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “To‘maris”, “Ko‘ngildagi keng dunyo” kabi qator she’riy kitoblarini xalqimiz sevib o‘qimoqda.

– Biz qoraqalpoqlar bilan bitta zaminda yashab kelayotgan qondosh, jondosh xalqmiz, – dedi taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,  Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon. – O‘zbek va qoraqalpoq adiblari o‘rtasida chinakam ijodiy hamkorlik bor. Ikki xalqning adabiyoti mushtarak ildizlarga ega. Ibroyim og‘a nafaqat shoir sifatida, balki yaxshi inson sifatida ham qalblarimizda saqlanib qoldi. Uning she’riyatiga bo‘lgan mehrim, qiziqishim tufayli ko‘pgina asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdim. Uning she’riyati xalqparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilganki, bu she’riyatning sehri har qanday o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ibroyim Yusupov 1929 yili Chimboy tumanidagi Ozod qishlog‘ida tavallud topdi. 1949 yil Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgach, 1961 yilgacha shu oliy dargohda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1961–1962 yillarda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, keyingi uch yil mobaynida Najim Dovqorayev nomidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1965–1980 yillarida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, 1980–1988 yillarda “Erkin Qoraqalpog‘iston” (sobiq “Sovet Qoraqalpog‘istoni”) gazetasida bosh muharrir, shuningdek, keyingi yillarda Tinchlik qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga (1988–1994), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga (1994–2000) raislik qildi.

Uning she’rlari o‘tgan asrning 40-yillarda matbuotda e’lon qilina boshlandi. 

Shoirning ilk asari “Vatanim” she’ri 1946 yilda e’lon qilingan. Keyinchalik  “Baxt lirikasi” (1955), “Kunchiqar yo‘lovchisiga” (1959), “O‘ylar” (1960), “Yetti navo” (1962), “Dala orzulari” (1966), “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar” (1971), “To‘maris” (1974), “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo” (1987), “Tuzli shamollar” (1988), “Ko‘ngildagi keng dunyo” (1989), “Bekligingni buzma sen…” (1995), “Har kimning o‘z zamoni bor” (2004) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi. Uning ikki jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamlari ikki marotaba – 1978–79 va 1992 yillarda nashr qilingan. Turli yillarda chop etilgan to‘plamlarda shoirning “O‘rtoq muallim”, “Akatsiya gullagan yerda”, “Aktrisaning iqboli”, “Gilamchi ayol”, “Eski favvora ertagi”, “Dala armonlari”, “To‘maris”, “Farishta oy”, “Poseydonning g‘azabi”, “Vatan tuprog‘i” va boshqa doston (poema)lari e’lon qilingan.

Bundan tashqari Ibroyim Yusupov bir qator pesa va publitsistik maqolalarning ham muallifi edi.

Shoir ko‘plab qardosh xalqlar va jahon adabiyoti mumtoz shoirlar asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, sayrata olgan tarjimon edi. U Pushkin, Lermontov, Shevchenko, Bayron, Gyote, Geyne, Shiller she’rlarini, Shekspir sonetlarini, Alisher Navoiy, Hofiz Sheroziy g‘azallarini, Umar Xayyom ruboiylarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan. 

Ibroyim Yusupov nasr va dramaturgiya sohasida ham qalam tebratdi. 1963 yilda uning “Qari tutning kuzi” nomli hikoyalar, ocherk va publitsistik maqolalar to‘plami bosmadan chiqdi. Shoir “Qirq qiz” pesasini, (Amet Shomuratov bilan birgalikda), 1966 yilda “O‘mirbek laqqi” komediyasini, 1986 yili “Iskandar podshoning tushi” dramasini, 1973 yili “Ajiniyoz” operasi librettosini  yaratdi.

Ustoz ijodkor adabiy tahlil, she’riyatning munozarali muammolari, badiiy tarjima masalalariga bag‘ishlab bir qancha mazmundor maqolalar yozib, zamonaviy qoraqalpoq adabiyotshunosligi faniga ham ulkan hissa qo‘shdi. 

Adabiyotshunos olimlarga ko‘ra, o‘zbek adabiyoti bilan abadiy do‘stlik mavzusi Ibroyim Yusupov ijodidagi eng yorqin sahifalarni tashkil qiladi.

Tadbirda talabalar, adabiyot muxlislari Ibroyim Yusupov ijodidan namunalar o‘qidi. Qiziqarli badiiy-musiqiy dasturni tadbir qatnashchilari e’tiboriga havola etdi.

Ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

N.Usmonova, O‘zA