English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hasharda uyushqoqlik va birdamlik bilan
18:28 / 2024-08-24

“Mahalla obod – yurt obod” shiori ostida tashkil etilayotgan hasharga Namangan viloyatida ham erta tongdanoq yuksak uyushqoqlik va birdamlik bilan kirishildi. Shahar, tumanlar, olis va chekka hududlardagi mahalla-yu qishloqlargacha hamjihatlikni o‘zida ifoda etgan umumxalq yumushida aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar obodonlashtirilmoqda.

Viloyatdagi barcha davolash-profilaktika muassasalari jamoalari ezgulik harakatida alohida jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Binobarin, tibbiyot xodimlari obodonchilik, ozodagarchilik, pokizalik va ko‘kalamzorlashtirishning qadr-qimmatini barchadan ko‘ra, teranroq anglashadi. 

– Eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz – Mustaqillik bayramini tibbiy yordam sifat va samaradorligini oshirishdagi yutuqlar bilan kutib olish barobarida hududlarga ko‘rkamlik baxsh etmoqda, – deydi Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov. – Ikki kunlik hasharda 17 ming 500 nafardan ziyod vrach, hamshira, ishchi xodim ishtirok etib, o‘z ish joyidagi gulxonalarni yumshatish, begona o‘tlarni yo‘qotish, 21 ming tup daraxt, 25 kilometr bordyurlarni oqlash, 28 kilometr ariq va zovurlarni tozalash, 55 gektar maydondagi chiqindilarni chiqarish, bino fasadining ko‘chgan joylarini butlash singari xayrli ishlarni amalga oshirishga ahd qilishgan.

Davlatobod tumanida bo‘lib o‘tayotgan umumxalq xayriya hasharida mahalla raislari bosh-qosh bo‘lib, unga jamoatchilik vakillari keng jalb qilinmoqda. Hashar davomida yoshlar birlashib qabristonlarda tozalash va obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda, bu jarayon esa ularning ta’lim-tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz, albatta. 

Mahallalardagi ehtiyojmand oilalar, nogironligi bor kishilar va yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari hamda zarur dori-darmon vositalari yetkazib berilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning xonadonlarida tozalik ishlari tashkil etilmoqda. Korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlari hududida ham hasharga alohida e’tibor qaratib, “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt va gul ekinlarini o‘tqazildi. 

Namangan muhandislik-qurilish instituti jamoasi, institut yoshlar koordinatorlari va faol talabalarining jonbozligi tahsinga loyiq. Ular o‘zlari tahsil olayotgan ilm maskanining yanada ko‘rkam qiyofaga kirishi, qolaversa oliygoh joylashgan hudud – Yangi Namangan tumanining Islom Karimov ko‘chasi yo‘l bo‘yini tartibga keltirishda faol bo‘lishdi.

Uychi tumanidagi mavjud 56 ta mahalla fuqarolar yig‘inida hashar uyushqoqlik va faollik ruhida o‘tmoqda. Jumladan, Olmurut mahallasida joylashgan “Yassitepa” qabristonida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlari qilindi. Ariq va zovurlar tartibga keltirilib, chiqindilardan holi bo‘ldi. 

Ittifoq mahallasidagi qabriston hamda tashkilot, muassasalardagi obodonlashtirish va tozalov ishlarida barcha faol bo‘ldi. Pastguzar va Qo‘rg‘oncha mahallalarida umumxalq hasharida daraxtlarga shakl berildi, ostki qismi oqlandi, yo‘laklar betonlashtirildi. Beruniy mahallasi hududidagi ko‘p qavatli turarjoy binolarida tozalov ishlari bajarilib, gulxonalar tartibga keltirildi. Ko‘cha va yo‘l bo‘ylari ozoda maskanga aylantirildi.

“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali mehnat jamoasi tomonidan tashkilot hovlisi bilan bir qatorda Namangan shahrining gavjum joylaridan biri – Isfarxon va Sardoba dahalari tutash ko‘chalarni tozalash, daraxtlarni sug‘orish, butash va ishlov berish amalga oshirildi. 

Darhaqiqat, ota-bobolarimizdan qolgan, asrlar osha sayqallashib qolayotgan hashar xalqimizga xos ezgu xislatlardan hisoblanadi. Unda bunyodkorlik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, bog‘ yaratish kabi xayrli yumushlar ado etiladi. Zotan, o‘zimiz yashab turgan joyni toza va obod qilish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.