Tashabbus
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Chilonzor mahallasi aholisi hashar yo‘li bilan Sherobod daryosi ustida yangi ko‘prik barpo etdi. Uzunligi 45, eni 3,6 metr bo‘lgan mustahkam ko‘prik yer sathidan 5,8 metr balandlikda qad rostladi.

Shu paytgacha tog‘li mahalla markazi bilan daryoning narigi qirg‘og‘idagi aholi punkti va undan ham olisroqdagi Uzunquduq qishlog‘ini bir-biri bilan bog‘lash uchun yog‘och va sim ustunlaridan iborat osma ko‘prik xizmat qildi. Eskirib qolgan ko‘prikdan, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlar va bolajonlar qiynalib o‘tishar, avtotransport vositalari ham daryoning narigi qirg‘og‘iga daryo bo‘ylab tepalikka harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi.

Daryoning ikki qirg‘og‘ida yashaydigan mahallada 724 xo‘jalik mavjud. Bu oilalarning 136 tasi daryoning kunchiqar tarafida istiqomat qiladi. Shu tarafdagi Uzunquduq qishlog‘ida ham 54 xo‘jalik ro‘zg‘or tebratadi.
Yangi ko‘prikni barpo etish uchun mahalla aholisi davlat byudjetiga ko‘z tikmadi. Katta-kichik rahbarlarga ha, deganda dardini doston qilaverib, najot kutmadi. Oqsoqollar bilan kengashib, muammoni millatimizga xos qadimiy yuksak fazilat – hashar yo‘li orqali hal etdi. Ko‘prikning bunyod etilishini ham chekkadan kimdir sezdi, kimdir ilg‘amay qoldi. Zarur mablag‘ yig‘ilgach, uning qurilishida yoshu keksa faol ishtirok etdi.

– Daryo ustida zamonaviy ko‘prikning qurilishi xalqimizning ko‘p yillik orzusi edi, – deydi Chilonzor mahallasi raisi Saydullo Salomov. – Endilikda u xalqimizning, shuningdek, qo‘shni Uzunquduq qishlog‘i odamlarining mahallamiz markaziga qishin-yozin xavfsiz harakatlanishiga qulay imkoniyat yaratdi.

Yangi ko‘prikning foydalanishga topshirilishi bolajonlarning maktab va maktabgacha ta’lim muassasasiga bexavotir qatnashini ta’minlab, tez tibbiy yordam mashinalarining aholiga sifatli, tezkor xizmat ko‘rsatishi, boshqa transport vositalari harakati va fermerlar yetishtirgan mahsulotlarni tashish jarayonini tubdan yengillashtirdi.

Boysun tumanidagi tog‘li qishloqlarda hashar yo‘li bilan ko‘prik qurilishi o‘ziga xos an’anaga aylangan. Tumanda, shuningdek, muborak haj safari uchun jamg‘argan mablag‘i evaziga ko‘prik barpo etgan saxovatpesha insonlar ham bor. Masalan, bundan ikki yilcha avval mashhur Omonxona qishlog‘ida yashaydigan Rahmat Eshboyev haj uchun yiqqan mablag‘ini hududdagi soy ustida ko‘prik qurilishiga sarflagan edi. Yana bir mehnat faxriysi Ramazon Abdullayev haj safariga atagan mablag‘i hisobidan o‘zi yashaydigan Gumatak qishlog‘ida sel suvlariga chidamli, mustahkam ko‘prik qurib berdi. Har ikki oqsoqolning mablag‘i evaziga soy ustida yog‘in-sochinli kunlarda nafaqat piyodalar, balki transport vositalari ham xavfsiz harakatlanadigan ko‘prik qad rostlab, aholiga tunu kun beminnat xizmat qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri