Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hashar uyushqoqlik bilan o‘tdi
15:24 / 2019-08-19

Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari xalqimizning jipsligi, birdamligi, ahilligini yana bir karra namoyish etdi.


Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari xalqimizning jipsligi, birdamligi, ahilligini yana bir karra namoyish etdi.

Umumxalq xayriya hashari Vatanimiz mustaqilligining 28 yillik to‘yiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida xalqimizning daxldorlik hissini yanada kuchaytirish, jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibat, ahillik, saxovat, beg‘araz yordam, o‘zgalarga xayrixohlik tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Umumxalq xayriya hashari yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga undagani, istiqlol bergan ne’matlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishga chorlagani bilan ham muhimdir.

Hamyurtlarimizning fidoyiligi, ezgu intilishi samarasida umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Shu kunlarda yurtimizning har bir go‘shasi yanada chiroy ochgan. Mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar, binolar, ta’lim maskanlari, hovlilar atrofi obodonlashtirildi. Ko‘cha va xiyobonlar, maydonlar orasta ko‘rinishga keltirildi. Guzarlar, ziyoratgohlar, ariqlar, yo‘laklar, bolalar maydonchalari yanada tartibli, ozoda ko‘rinish kasb etdi. Daraxtlar oqlanib, ularga shakl berildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kunlik umumxalq xayriya hashari davomida 26 ming gektardan ziyod maydonlar obodonlashtirildi va tozalandi. Ellik ming tonnadan ortiq chiqindilar chiqarib tashlandi. 25 ming kilometrga yaqin uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi. Qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. 9 millionga yaqin daraxt oqlanib, ularga shakl berildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 13 mingga yaqin texnika vositasi jalb etildi.

Shuningdek, hashar kuni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordami ko‘rsatishga ko‘proq e’tibor qaratildi. Xususan, 13 mingga yaqin kam ta’minlangan oilaning 388 ming kvadrat metrdan ziyod uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. 13 mingdan ortiq ehtiyojmand oila, shundan 5 mingdan ziyod nogiron va yolg‘iz qariyaning holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Mazkur xayriya tadbirlari orqali 4 milliard so‘mdan ziyod, shundan 140 million so‘mga yaqin mablag‘ “Mahalla” fondi hisobidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatishga sarflandi.

Shuningdek, hashar kuni mahallalarda 150 taga yaqin savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ijtimoiy ob’ektlar, ya’ni 126 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi – savdo do‘koni, “Go‘zallik saloni“, sartaroshxona, dorixona, to‘yxona, tibbiyot markazi, “Barkamol avlod“ markazi va boshqalar, 6 ta ishlab chiqarish sexi, 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 4 ta bolalar sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Umumxalq xayriya hasharida 13 million 800 ming nafardan ziyod fuqaro, shundan 7 million 809 ming nafardan ortiq yosh ishtirok etdi.

Respublikamizning barcha hududlarida avgust oyi davomida obodonlashtirish va tozalash ishlari davom ettiriladi.

Bularning barchasi jonajon O‘zbekistonimizni yanada obod, fayzli, ko‘rkam etish, hamyurtlarimiz hayoti farovonligini oshirish, istiqlol bayramini ko‘tarinki ruhda, bayramona kayfiyatda kutib olish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.