Pokizalikka rioya etish – xalqimizning azaliy odati. Qutlug‘ Ramazon oyida bu qadriyatimiz yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida joylarda obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi tegishli farmoyishi asosida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va jamoatchilik vakillarining tegishli takliflari asosida joriy yilning 13-14-mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inog‘omov mamlakat miqyosida ushbu yirik tadbir xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil 14-oktabrda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda fevral va mart oylarida “Tozalik va ozodalik oyligi” o‘tkazish yuzasidan topshiriq belgilangan.
Oylik doirasida amalga oshiriladigan vazifalarning har bir mahalla kesimida manzilli rejalari shakllantirilib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha har haftaning shanba kuni ommaviy hasharlar tashkil etilmoqda.
Mazkur topshiriqning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 28-fevral kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi.
Mamlakatimizda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan milliy qadriyat – hashar tadbirlari xalqimiz orasida birdamlik, mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Har yili mamlakatimizda umumxalq bayramlari arafasida xayriya hashari o‘tkazish an’anaga aylangan. 13-14-mart kunlari ham “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalar va xonadonlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishda aholining daxldorligini kuchaytirish dolzarb masaladir.
Umumxalq xayriya hasharini uyushqoqlik bilan o‘tkazishda bir qator jihatlarga e’tibor qaratiladi. Jumladan, har bir viloyat va tuman (shahar)da hokimlarning qurilish, kommunal, ijtimoiy soha yo‘nalishdagi o‘rinbosarlari, Mahalla uyushmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ekologiya, Uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarlaridan iborat Shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mahallalarda “yettilik” a’zolari, maktab va bog‘cha mudirlari, QVP va OVP bosh shifokori, uy boshi va ko‘chaboshilar, boshqaruv servis kompaniyalari, mahallada obro‘ e’tiborga ega vakillardan iborat Ishchi guruhlari tashkil etiladi.
Muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan hashar tadbirida “Mahalla yettiligi”ga alohida vazifalar belgilab berilgan.
Mahalla raisi hashar tadbirini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga umumiy rahbarlik qiladi, hasharga keng jamoatchilikni jalb qiladi, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lib mahallaning barcha manzilida hashar o‘tishini ta’minlaydi.
Hokim yordamchisi esa mahalladagi ehtiyojmand oilalar, nogironlar, yakka yolg‘iz keksalar va qariyalarning holidan xabar olib, ularni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari bilan ta’minlaydi.
Yoshlar yetakchisi yoshlarni jalb etgan holda mahalla qabristonlarida hasharlarni tashkil etadi, tozalash, daraxtlarga shakl berish, egasiz qabrlarni suvash, gullar o‘tkazish, chiqindi-o‘tlardan tozalash ishlarini tashkil etadi. Bu yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Xotin qizlar faoli – mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka yolg‘izlar va nogironligi bo‘lgan otaxon va onaxonlar xonadonlarida tozalikni ta’minlash, ozoda va sarishta xonadonga aylantirish hasharlarini tashkil etadi.
Profilaktika inspektori – mahalla hududida ekologik holatni yaxshilash, yig‘ilgan chiqindilarni chiqarib tashlash, o‘zboshimcha chiqindi tashlash holatlarini aniqlab choralarni ko‘rish, hashar davomida jamoat tartibini saqlash ishlariga bosh bo‘ladi.
Soliq inspektori – mahalla hududida joylashgan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalar, tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlarida ob’ektlari va tashqi hududlarida hashar ishlarini tashkil etilishiga hissa qo‘shadi. Har bir korxonaning hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chati va gul ekinlarini ekish ishlarini ta’minlaydi.
Ijtimoiy xodim – mahallada ijtimoiy himoya reyestrida bo‘lgan oilalar, yakka yolg‘iz keksalar va nogironlar hamda og‘ir ahvoldagi shaxslarga qo‘ltiq tayoq, quloq eshitish moslamalari, nogironlik aravachasi va boshqa turdagi vositalar hamda zaruriy dori-darmon bilan ta’minlash va ularning sharoitlarini yaxshilash choralarini ko‘radi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, “mahalla yettiligi”ga mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari tomonidan ham qator masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Jumladan, uch kun muddatda har bir mahallada hasharning yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlash hamda aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qatlamiga yordamlarini ko‘rsatishga oid ishlar “ko‘chabay”, “xonadonbay” asosida shaklantiriladi va unga mahalla “yettilik” a’zolari va faollari (ko‘cha, uy boshilar) biriktiriladi.
Hashar kunlari mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar hamda hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.
Ariq, tomorqa va yo‘laklar tozalanadi, maishiy chiqindilar chiqarib tashlanadi, dehqon va buyum bozorlari hududlari hamda ularning atroflari tozalanadi, binolari oqlanadi va rang beriladi, daraxt va butalarga shakl beriladi, qurigan daraxt shoxlari kesiladi.
Mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari, mahalla jamg‘armasi, homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali aholiga bepul ko‘chat tarqatish va daraxt ekish ishlari tashkil etiladi.
Mahallalarning markaziy ko‘chalari, shuningdek, tadbirlar o‘tadigan joylar “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hashari g‘oya va asosiy tamoyillarning mazmunini o‘zida aks ettiruvchi shiorlar, plakatlar, pannolar va boshqa ko‘rgazmali vositalar bilan bezatiladi.
Avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanganligini qat’iy nazoratga olinadi. Yakka-yolg‘iz, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarini tartibga keltirish, zarur hollarda oziq-ovqatlar ajratish choralarini ko‘riladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi, homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari hisobidan yuqorida keltirilgan shaxslarning uy-joylarini ta’mirlash, moddiy yordam ajratish choralari ko‘riladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda aholi tomorqasida hamda ishsiz aholiga berilgan ijara yerlarini bahorgi ekin ekish jarayonlariga tayyorlash, tomorqadan samarali foydalanish choralari ko‘riladi. Bunda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida fuqarolar yig‘inlarini meva-sabzavot yetishtirish, issiqxonalar tashkil etish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik kabi tashqi bozor talablari asosida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirishga e’tibor qaratiladi.
Hashar azaldan xalqimizning birdamligi, ahil va hamjihatligini namoyon etuvchi an’ana sanalgan. Bu yil ham umumxalq xayriya hashari davomida xalqimizning ayni fazilatlari yana bir karra namoyon bo‘lishiga shubha yo‘q.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.