Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hashar - elga yarashar
15:01 / 2025-08-22

Mustaqillik bayrami arafasida yurtimiz bo‘ylab hukm surayotgan hashar kayfiyati mahallalarga yangi nafas, poklik va tartib-intizom bag‘ishlamoqda. Bu xayrli an’ana har galgidek faqat ko‘zga ko‘rinadigan natijalar bilangina cheklanmasdan, xalq qalbida chuqur o‘rin olgan ma’naviy qadriyat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Joriy yilda ham Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq, 22–23 avgust kunlari "Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki" shiori ostida, mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi oldidan umumxalq xayriya hashari keng qamrovda o‘tkazilmoqda. Ushbu tashabbus Jizzax viloyatida ham yuqori ruhda, aniq reja va tizim asosida tashkil etildi. Har bir shahar va tuman, har bir qishloq va mahallada mazkur tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

Viloyatda 304 ta mahallada ishchi guruhlar shakllantirildi. Ular tomonidan har bir hudud uchun manzilli rejalar tuzilib, amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Mahalla yettiligi xodimlari ko‘chalarga biriktirildi, zarur texnika va ish qurollari tayyor holatga keltirildi. Bu jarayonda yurtdoshlarimiz o‘z ixtiyori bilan qatnashib, mahallalarni obod qilishda faol ishtirok etishdi.

Shu bilan birga, viloyat markazidagi 5 ta oliy ta’lim muassasasi, hududdagi korxona, tashkilot va muassasalar ham o‘z joylarida hasharda ishtirok etib, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdi.

Olib borilgan ishlar ko‘lami ancha keng. 538 ta aholi punktida tozalash va tartibga solish ishlari olib borildi. 2 450 ta ko‘p qavatli uy, 228 318 ta xususiy xonadon, 114 ta guzar, 237 ta xiyobon va 50 ta ziyoratgohda obodonlik ta’minlandi. 535 ta qabriston, 7 765 ta ko‘cha, 896 ta bolalar va sport maydonchalarida tozalik ishlari amalga oshirildi. Minglab daraxtlar oqlandi, tagi yumshatilib, sug‘orildi.

Mazkur tadbir doirasida aholi ehtiyojmand qatlamiga ham e’tibor qaratildi. 224 ta oilaga amaliy yordam ko‘rsatildi. Boquvchisiz qolgan va nogironligi bo‘lgan 460 nafar fuqaroning holidan xabar olindi. 486 ta xonadonda tozalik va tartib ishlari tashkil etildi. Shuningdek, 303 nafar fuqaroning uy-joylari ta’mirlab berildi.

Umumxalq xayriya hashari nafaqat atrof-muhitni, balki inson qalbini ham poklaydi. Bu amaliyot xalqimizdagi birdamlik, mehr-oqibat va jamoaviy mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Bu haqda “Mahalla” uyushmasi Jizzax viloyati boshqarmasining bosh mutaxassisi Abdusattor Bobobekov quyidagicha fikr bildirdi:

[gallery-24901]

– Hashar – xalqni birlashtiradigan, yurtga sadoqatni oshiradigan amal. Bu faqat obodonlashtirish emas, balki qalblarni yaqinlashtirish, insonlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirishdir. Joriy hashardagi har bir harakat, har bir bel bog‘lash ortida yurtga bo‘lgan muhabbat mujassam.

Haqiqatdan ham hashar  jamiyatga ko‘rk beradi, muhitni poklaydi, insonni tarbiyalaydi. Uning davomli bo‘lishi, ko‘lami yanada kengayishi mahallalarimizning yanada gullab, yashnashini ta’minlaydi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari