Har yili Navro‘z ayyomi arafasida mamlakatimizda umumxalq hashari o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylanib qolgan.
Bu yil xam xalqimizning sevimli bayrami arafasida tashkil etilgan umumxalq hasharida yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi.
Mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari doirasida hududlarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va xayriya tadbirlari keng miqyosda bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” fondi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 12 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga moddiy yordam ko‘rsatildi. 3 ming 102 nafar yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi. Buning uchun 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarf etildi.

Bundan tashqari, 4 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarning uy-joylarini ta’mirlash uchun 1,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Hashar doirasida 2 million tupga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 11 ming tonnadan ziyod maishiy va sanoat chiqindilari chiqarib tashlandi. 9 mingdan ziyod qabriston, 5 yuzdan ziyod ziyoratgohlar obodonlashtirildi.
Hasharda jami 8 million nafardan ziyod yurtdoshimiz ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 5 milliondan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etdi. Hasharga oid ma’lumotlar muntazam tarzda "Mahalla" fondi tomonidan umumlashtirib borildi.
"Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki" shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari xalqimiz birlamligi, yakdilligi, ahilligi va hamjihatligining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA