Rossiyaning Sochi shahrida joylashgan “Red Arena” majmuasida katta professional boks oqshomi o‘tkazildi.
Kechaning markaziy jangi birinchi o‘rta vaznda o‘tkazildi. Unda Fazliddin G‘oibzanarov (11-2-0) hamda WBA yo‘nalishida sobiq jahon chempioni, rossiyalik Rajab Butayev (15-1-0) o‘zaro raqobatlashdi.
O‘n raund etib belgilangan jangning to‘rtinchi raundida Fazliddin texnik nokautga uchrab jangni davom ettira olmadi. Shu tariqa Rajab Butayev navbatdagi g‘alabasini nishonladi.

Shuningdek, Hasanboy Do‘smatov (6-0-0) va JAR vakili Sifamandla Baleni (21-6-2) o‘rtasidagi jang 10 raund davom etdi. Unda Hasanboy hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozondi.
Yarim o‘rta vaznda ikki o‘zbekistonlik bokschi – Botir Ahmedov (10-3-0) va Muhammadsalim Sotvoldiyev (7-8-2) kuch sinashdi. 8 raund etib belgilangan jangning 3-raundida M.Sotvoldiyev jarohat sabab jangni davom ettira olmadi va mag‘lubiyatini tan oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA