Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi IBA jahon chempionati kuni kecha o‘z yakuniga yetdi. Unda dunyoning 108 ta davlatdan 428 nafar bokschi ishtirok etdi.
Quvonarlisi, mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Hasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin, Abdumalik Xaloqov, Javohir Ummataliyev, To‘rabek Xabibullayev va Arman Maxanov kumush medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Asilbek Jalilov, Xo‘janazar Nortojiyev, Fazliddin Erkinboyev kabi charm qo‘lqop ustalarimiz bronza medali bilan taqdirlandi.

Darvoqe, vazni 51 kilogrammgacha bo‘lgan bokschimiz Hasanboy Do‘smatov jahon chempionatining “Eng yaxshi bokschi” deya e’tirof etildi.
Chempionat yakunlariga ko‘ra, medal jamg‘arishda umumjamoa hisobida Rossiya terma jamoasi 7 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan1-o‘rinni band etdi. Ikkinchi o‘rinni 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal to‘plagan Qozog‘iston termasiga nasib etdi. Bokschilarimiz esa 2 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalga ega chiqib kuchli uchlikdan o‘rin oldi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan bokschilari 300 ming AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlandi. Kumush medal sohiblari 150 ming, bronza medal egalari 75 ming, chorak final ishtirokchilari esa 10 ming AQSH dollari pul mukofotiga sazovor bo‘ldi..

Belgilangan ushbu mukofot pullari quyidagicha taqsimlanadi: 50 % — bokschiga, 25 % — murabbiy va qolgan yana 25 % — milliy federatsiyaga.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA