Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harorat oshmoqda, o‘simliklar dunyosi nima bo‘ladi? (+video)
21:34 / 2025-11-06

Bugun dunyo miqyosida eng dolzarb mavzulardan biri — global iqlim o‘zgarishi. Uning turli tarmoqlarga ta’siri tadqiqotchilar va ilmiy hamjamiyat e’tibori markazida. Jumladan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun o‘rganishlar davom etmoqda. O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan xalqaro anjuman “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida o‘simliklarni himoya qilishning dolzarb muammolari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbir 10 ga yaqin davlat ekspertlari, FAO, ICARDA, KOICA kabi xalqaro tashkilotlar vakillarini bir maydonda jamladi. Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi sharoitida o‘simliklarni kasalliklar, zararkunandalar va begona o‘tlardan himoya qilishning yangi biologik va intellektual usullarini ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda fan va amaliyotni yaqinlashtirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Mutaxassislarning fikricha, haroratning har yili 1°C ga oshib borishi natijasida donli ekinlar hosildorligi o‘rtacha 5–7 foizga kamayishi mumkin. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi muammosini yanada chuqurlashtiradi. Shu sababli O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishining ta’sirini o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda ekologik barqaror mahsulot ishlab chiqarish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va innovatsion himoya vositalari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.  

- Xalqaro hamjamiyat iqlim o‘zgarishi sharoitida pestitsidlardan foydalanishni ham ko‘rib chiqishi kerak, - deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakili Tomi Kakimoto. – Bu juda muhim masala. Sababi, kimyoviy vositalarning tartibsiz qo‘llanilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.  O‘zbekistonning bu boradagi amaliyotiga kelsak, mamlakatingizda kimyoviy vositalarni qo‘llash bosqichma-bosqich qisqarib borayotgani ijobiy dinamika, deb hisoblayman. Bu nafaqat organik mahsulot yetishtirish uchun asos bo‘ladi, balki ekologik muvozanatni saqlab qolishga yordam beradi. 

Anjumanda iqlim o‘zgarishi sharoitida samarali yechim sifatida biologik kurashni rivojlantirish taklif etildi. Qolaversa, O‘zbekistonda biomahsulotlarni keng qo‘llash uchun qulay muhit, ob-havo va ekin turlari mavjud. Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bugungi kunda zararkunandalarga qarshi biomahsulot tayyorlab beruvchi biolaboratoriyalar soni 600 dan oshgan. Ularning jahon standartlariga mos ravishda mahsulot tayyorlashiga ko‘maklashuvchi “Biosifat” respublika markazi esa xalqaro akkreditatsiyaga ega.

Xalqaro ekspertlar va mutaxassislarning ana shunday jonli muloqotlari va fikr almashuvlari global muammolarni hamkorlikda tadqiq etish hamda to‘g‘ri yechim topishga yordam beradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xnnitIWVmJY" title="Harorat oshmoqda, o‘simliklar dunyosi nima bo‘ladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA