Markaziy harbiy okrug madaniyat va ma’rifat markazida Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilda okrug miqyosida 42 nafar harbiy xizmatchining farzandi ushbu tavsiyanomaga ega bo‘ldi.

Tadbirda okrug qo‘mondonligi harbiy xizmatchilarning farzandlariga kelajak yo‘llarida omadlar tilab, ularning yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan inson bo‘lib yetishishlarini tilab tavsiyanomalarni o‘z egalariga topshirishdi.
Tadbir yakunida harbiy orkestr jamoasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari farzandlarining kvota asosida respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 462-son qaroriga muvofiq mazkur tavsiyanomalarni qo‘lga kiritgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga topshirilmoqda.
Tavsiyanomalar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlarga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi bo‘yicha beriladi.

O‘zA