O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi munosabati bilan Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida harbiy xizmatchilar va kuch tuzilmalari xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashining hududiy bo‘limi hamda “Zakovat” NNT hamkorligida o‘tkazildi.

Bellashuvda yosh harbiy xizmatchilar va xodimlardan iborat 5 ta jamoa ishtirok etib, bilim, tafakkur va tezkor fikrlash bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Intellektual o‘yin davomida ishtirokchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyati, jamoaviy ishlash ko‘nikmalari hamda vatanparvarlik ruhidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism jamoasi, 3-o‘ringa esa Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi jamoasi sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tadbir davomida harbiy xizmatchilarning bilim va tafakkurini rivojlantirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini oshirish hamda vatanparvarlik hissini mustahkamlashga qaratilgan interaktiv mashqlar ham o‘tkazildi.


Hokimiyat va harbiy tashkilotlar rahbarlari bu kabi tadbirlar yoshlar va harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini oshirish hamda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri