Yurt istiqlolga erishgach mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir, zamonaviy, har tomonlama yaxshi qurollangan, hech kimdan kam bo‘lmagan milliy armiyamiz shakllandi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda qurolli kuchlarimizda izchil islohotlar amalga oshirilyapti. Harbiylar oilalariga barcha qulayliklarga ega xonadonlar kalitlari topshirilmoqda. Shu o‘rinda harbiy xizmatchilarimiz mahorati, matonati borasida esa har qancha so‘zlasak kamligini aytib o‘tish joiz. Ularning sog‘lom, jismonan baquvvat bo‘lishi ham alohida e’tiborda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tizimli ishlarni olib bormoqda. Shu bilan birga, Prezidentimizning 2021 yil 22 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishidan kelib chiqib, fondning chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Jumladan, ko‘p yillardan buyon amalga oshirib kelinayotgan dastur doirasida yilning o‘tgan davrida 119 ta harbiy qismdagi 10233 nafar harbiy va ularning oila a’zolari zamonaviy diagnostika va davolash tibbiyot uskunalaridan foydalangan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu jarayonda ayollar 4974 nafarni, bolalar 4184 nafarni, o‘smirlar 324 nafarni, erkaklar 1075 nafarni tashkil etdi.
Shuningdek, harbiy qism va muassasalarda tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda harbiy xizmatchilar oila-a’zolari tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar va davra suhbatlarida 7 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olindi.
Svetlana INAMOVA,
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi