Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar va o‘quvchilar sport musobaqalarida bellashdi
13:05 / 2025-12-27

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida “Men g‘olibman” shiori ostida sport musobaqalari o‘tkazildi.

Vatanparvarlik oyligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism xizmatchilari, tumandagi “Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar hamda hududdagi 55-, 68- va 25- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida sportning voleybol, arqon tortish, armrestling (kuch sinashish), mini futbol turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. 

Qiziqarli bahslar asosida o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, harbiy qism askarlaridan tuzilgan jamoalar barcha sport turlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

– Musobaqalar juda qiziqarli o‘tdi, – deydi 68-IDUM 10-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Allayorov. – Harbiy xizmatchilar nafaqat jasur, balki jismonan baquvvat ekanliklari uchun ham barcha musobaqalarda g‘olib bo‘ldi. Ochig‘i, ularga havasimiz keldi. Shaxsan men kelajakda harbiy xizmatga borishni, vatan himoyachisi bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. 

Harbiy qism, hududdagi mahalla, maktablar hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan sport musobaqalari yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi, ularning qalbida harbiy burchga hurmat, chegara qo‘shinlari, milliy armiyamiz kuch-qudratiga ishonch tuyg‘ularini  yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.