Buxoroda Prezidentimizning 2021 yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida yosh harbiy xizmatchilarga turar joy qurib berildi.
Buxoro shahrining yangi 7-mavzesi, Bahouddin Naqshband MFY, Amir Temur ko‘chasida pishiq g‘ishtdan qurilgan 9 qavatli muhtasham turar joy har biri standart hajmda 70 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 3 xonali, 50 ta xonadonni o‘z ichiga olgan.
“O‘zshaharqurilishinvest” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida mahalliy pudrat korxonasi “Qurilish mediatrans” MCHJ tomonidan barpo etilgan inshoot umumiy qiymatining 25 foizi, ya’ni 4 milliard 269 million so‘m mablag‘ respublika Mudofaa vazirligi tomonidan qoplab berilgani harbiylar oilalari uchun katta imtiyoz bo‘ldi.

Zamon talabi darajasida qurib bitkazilgan muhtasham turar joy inshootini o‘z egalariga topshirish tadbiri tantanaga aylandi. Bunda harbiy qismlar qo‘mondonligi, jamoatchilik vakillari, yosh harbiylar oilalari jam bo‘ldi. Harbiy orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Tantanada yosh oilalarga topshirilayotgan uy-joy mamlakatimiz Qurolli kuchlari harbiy salohiyatini oshirishda olib borilayotgan islohotlar samarasi, yosh harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘bat namunasi ekanligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng o‘z boshpanasiga ega bo‘lgan harbiylarga uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Alvon lenta qirqilib, tadbirda yig‘ilganlar shinam va zamonaviy turar joylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

– O‘g‘limiz Azamatjon armiya xizmatidan keyin shartnoma asosida O‘zbekiston Qurolli kuchlari safida xizmatini davom ettirishga qaror qilgan edi, – deydi yangi uy egasi, oddiy askar Azamat Hojiyevning otasi Rizoqul Hojiyev. – Avval 6 yildan ko‘proq Olot tumanidagi harbiy qismda, keyin o‘zi yigitlik burchini o‘tagan Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi tank qo‘mondonligi harbiy qismida xizmat qilib kelmoqda. Oilamiz va yaqinlarimiz bilan farzandimizning el koriga yarayotganidan faxrlanamiz. Mana bugun unga uch xonali turar joy berilganidan juda quvonchdamiz. Uyida zarur jihozlar, oshxona mebeli va gaz plitasi, yuvinish tarmog‘i, yana eshik-derazalari o‘rnatib berilgan, bemalol yashash uchun barcha sharoit yaratilgan. Qulayligi 20 yilga ipoteka krediti asosida berilgan bu turar joy uchun harbiylar hisobidan oyiga to‘lanadigan badal miqdori 1 million so‘mga ham yetmas ekan. Buning uchun Davlat rahbariga ming rahmat.
Tadbirda Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining moddiy ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Ilyos Pirmatov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA