Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hududidagi davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari uchun namunaviy loyiha asosida qurilgan uy-joy hamda 25 o‘rinli bolalar bog‘chasi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi, harbiy ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahnamoligida mamlakat Qurolli Kuchlari tizimini takomillashtirish, vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
O‘ziga xos harbiylar shaharchasining ochilish marosimi katta tantanaga aylandi. Tadbirda davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism chegara postlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga xizmat uylari kalitlari, shuningdek, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar xonadonlarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Bizning oilamiz uchun ajratilgan xonadonda barcha qulaylik muhayyo, – deydi mayor Orifjon Parmonov. – Sharoitlar shaharnikidan qolishmaydi. Majmuada sport inshootlari va maydonchalari ham barpo etilgani farzandlarimizning sog‘lom voyaga yetishiga xizmat qiladi. Buning uchun biz, chegarachilar Prezidentimizdan minnatdormiz.
To‘lqin Ahmedov rahbarligidagi “Hasan Ulug‘bek qurilish” MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Shu kuni mutasaddilar viloyat chegaraoldi hududidagi barcha harbiy qism hamda postlarda bo‘lishdi. Ularda harbiylar, shaxsiy tarkib oddiy askarlar uchun yaratilgan sharoitni yanada yaxshilash yuzasidan mas’ul mutasaddilarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
[gallery-5543]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA