Mustaqilligimizning 32 yillik tantanasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Rishton tumanidagi harbiy qismi askar va ofitserlari uchun qo‘shaloq bayramga aylandi.
Yangi chegara qo‘riqlash bo‘linmasida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar hamda xizmat binolari tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi. Farg‘ona viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari hamda DXX viloyat boshqarmasi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Navbahor MFY hududida 24 milliard so‘m mablag‘ hisobiga amalga oshirilgan majmua–ma’muriy bino, sport shaharchasi, stadion, harbiy xizmatchilarning farzandlari tarbiyalanishi uchun maktabgacha ta’lim tashkiloti, oila bekalari uchun tikuvchilik va pishiriq sexi hamda asosiysi 28 ta xonadondan iborat turar joylar foydalanishga topshirildi.


Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi harbiylarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan qutlab, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash mustaqilligimizni mustahkamlashdagi eng muhim omil ekanini qayd etdi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari natijasida so‘nggi 7 yilda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan viloyat rahbari, buning natijasida eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlangan armiyamiz, chegara qo‘shinlarimiz shakllanganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Darhaqiqat, mamlakatimizda qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish bilan birga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.


Mazkur foydalanishga topshirilgan binolar, harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yangi uy-joylar, sport shaharchasi, bolalar bog‘chalari, ayollar uchun yaratilgan ish o‘rinlari chegarachilarni ruhini ko‘tarib, kuchiga kuch qo‘shmoqda. Ular o‘z xizmat vazifalarini xotirjam, ko‘ngillari to‘q bo‘lib bajarishlariga, yanada sadoqat va vatanparvarlik hissi bilan jonajon Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashlarida muhim omil bo‘layotir. Tadbirda harbiy xizmatchilarga yangi uy kalitlari tantanali ravishda taqdim etildi. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari xizmat binolari, oshxona, bolalar bog‘chasi, tikuvchilik va pishiriq sexi, xonadonlarda yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.




M.Sulaymonov, O‘zA