English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar sport mutaxassislaridan saboq olmoqda
15:28 / 2025-11-05

Mamlakatimizda milliy armiyamizni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida keyingi yillarda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi negizida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi. Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy aviatsiya, Harbiy tibbiyot hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutlari universitet tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari sifatida o‘z faoliyatni yangidan boshlashi milliy armiyamizda amalga oshirilgan eng muhim islohotlardan biri bo‘ldi.

Mazkur oliy harbiy ta’lim maskanlari bitiruvchilari endi ikki tizimda – harbiy va fuqarolik yo‘nalishi diplomlariga ega bo‘ladi. Bu bilan Vatan himoyachilarining nafaqaga chiqqandan keyin jamiyatimizning boshqa sohalarida samarali ish yuritishi, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shishi imkoniyati kafolatlanadi.

Yana bir e’tiborli jihat, Mudofaa vazirligi va bir qator yakkakurash sport turlari federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanib, ushbu hujjatga ko‘ra, bo‘lg‘usi ofitserlar va oliy harbiy ta’lim muassasalarida xizmat burchini o‘tayotgan serjantlar uchun sport ustaligiga nomzod yoki sport ustasi darajasini olish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Amalga oshirilgan mazkur sa’y-harakat tufayli boks, o‘zbek jang san’ati, taekvonda, qilichbozlik, qo‘l jangi, karate federatsiyalarining tajribali murabbiylari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida o‘z faoliyatini boshlab yubordi.

Soha mutaxassisi podpolkovnik Davlat Vahobovning ta’kidlashicha, serjant yoki bo‘lg‘usi ofitserning sport darajasini olishi qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni yanada oshirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.  

Shuningdek, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti sport kafedrasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, o‘zbek jang san’ati sport qonun-qoidalari muallifi Po‘lat Usmonov, sport ustalari Alisher Sodiqov, Sherpo‘lat Usmonov, Gulnora Bekmuradova singari o‘z kasbining mohirlari uzluksiz mashg‘ulotlarni olib bormoqda.

Kursantlar va serjantlarning ikki oy davomida tajribali murabbiylardan olgan ko‘nikmalarining namoyishi o‘tkazildi. Ko‘rgazmali mashg‘ulotlar jarayonida Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, soha mutaxassislari ikki oy davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobini tahlil qildi. Sport murabbiylari va mutaxassislar o‘rtasida amaliy va nazariy mashg‘ulotlar mundarijasini yanada boyitish tamoyillari xususida fikr-mulohazalar, takliflar ilgari surildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA