Bugungi kunda jahon miqyosida ommalashib borayotgan kibersport turlari yurtimizda ham yoshlar orasida keng tarqalmoqda. Elektron sportning shunchaki o‘yin emas, balki strategik fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, jamoaviy hamkorlik kabi ko‘nikmalarni rivojlantiradigan zamonaviy sport turi sifatida tan olinishi, uni harbiylar o‘rtasida ham joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Cybershock sport arenasida “Kibersport” musobaqasining harbiylar o‘rtasidagi viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida o‘tkazilib, uning asosiy maqsadi yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va intellektual faolligini oshirish, shuningdek, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Musobaqa O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada viloyatdagi turli kuch tuzilmalari – Mudofaa vazirligi, ichki ishlar boshqarmasi, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va bojxona boshqarmasiga qarashli qismlardan 110 nafar yosh harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Ular 19 jamoa tarkibida jamoaviy kiber bellashuvlarda ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz tarzda kechgan musobaqa natijalariga ko‘ra g‘oliblar quyidagicha aniqlandi: 1-o‘rin – Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoasiga, 2-o‘rin – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari jamoasiga, 3-o‘rin – Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism jamoasiga nasib etdi.
Yuqori natija qayd etgan jamoalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi va viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu musobaqa harbiylar o‘rtasida jamoaviylik va raqobatbardoshlik muhitini kuchaytirish, intellektual salohiyatni yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri