Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar oila a’zolari uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi
18:42 / 2022-01-12

Mamlakatimizda 2021 yilning 15 dekabrdan 2022 yilning 15 yanvariga qadar “Vatanparvarlik oyligi” e’lon qilingan. Mazkur oylik doirasida joylarda yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholiga mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yetkazish, Qurolli Kuchlarning salohiyatini namoyish etish borasida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari tashkil etilmoqda.

Buxoro shahridagi harbiylar shaharchasida Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi hamda vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘riqlash boshqarmasi, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism, viloyat “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, harbiy xizmatchilar, faxriy harbiylar, o‘quvchi-yoshlar hamda harbiy-xizmatchi, xodimlarning oila a’zolari qatnashdi.

–Tadbirda harbiy xizmatchi, xodimlarning oila a’zolari uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi, – deydi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi katta leytenanti Murodjon Rahmatullayev. – Mehnat yarmarkasida bayram arafasida harbiylarning oila a’zolari ishga joylashtirildi. Shu bilan birga harbiylar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar hamda bolajonlarning ajoyib raqslari barchaga manzur bo‘ldi.

Tadbirga tashrif buyurgan yoshlar hamda bolajonlar qurol-aslahalar, harbiy texnikalar bilan bevosita tanishishdi. Ayniqsa, hozirda tobora ommalashib borayotgan ot sporti hamda kamondan otish sporti bo‘yicha tashkil etilgan sport burchaklari bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Zarif Komilov, O‘zA