Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi navbatdagi “Armiya va yoshlar” festivali hamda xayriya tadbirini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘inida o‘tkazdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Tub aholisi qozoq millatiga munsub ushbu ovul qachonlardir katta hajmda baliqchilik rivojlangan Mo‘ynoq tumanining eng chekka hududi hisoblanib, Nukus shahridan 220 kilometr uzoqda joylashgan. Mazkur ovulda bitta qozoq tiliga ixtisoslashgan 6-umumta’lim maktabi bo‘lib, unda 250 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi.
Nukus shahridan Mo‘ynoqqa yo‘l olgan harbiy xizmatchilarning “Vatanparvarlik va saxovat karvonlari” manzilga yetib kelishi bilan yoshlar va aholi qalbiga quvonch va iliqlik kirdi. Maktab hovlisida jam bo‘lgan bolajonlar harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlaridan bahramand bo‘lib, qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan yaqinroq tanishishga kirishib ketdi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosida Vatanni madh etgan kuy va qo‘shiqlar, harbiy navolar bolalarda vatanparvarlik ruhini, shijoatni oshirgan bo‘lsa, sho‘x-shodon estrada qo‘shiqlari ularni raqsga chorladi.
Jangovar qurollar bilan birinchi tanishuv yoshlar qalbida o‘zgacha his-tuyg‘ular bilan kechdi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalarda bu ko‘proq sezildi. Zero, Vatanni himoya qilish, yurtga qalqon bo‘lish ota-bobolarimizdan qolgan meros, qonimiz, vujudimizga singgan olijanob fazilatdir.
Bolalar o‘rtasida tashkil etilgan jamoaviy o‘yinlar ularda zukkolik, epchillik, tezkorlik sifatlarini namoyon etib, bir jamoa bo‘lib harakat qilishni o‘rgatdi. G‘olib va sovrindorlar kitoblar jamlanmasi hamda maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shu kuni harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan maktabda faoliyat yuritayotgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani sinfxonasi uchun ko‘rgazmali vositalar, o‘quv qurollari hamda Qurolli Kuchlarimiz haqida ma’lumot beruvchi bannerlar kelgusida shu dargohdan ko‘plab yurt himoyachilari yetishadi, degan ezgu niyat bilan taqdim etildi.
Nukus harbiy gospitalining malakali shifokorlaridan iborat brigada tomonidan ovul ahliga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, zarur maslahatlar berildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni tuman hokimi hamda mutasaddi tashkilot vakillari bilan birgalikda “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘inining “Nurli yo‘l” ko‘chasida istiqomat qilayotgan to‘rt nafar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun tashabbuskor harbiy xizmatchilar tomonidan birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari, kiyim-kechak hamda yaxshi holatda saqlanib qolingan oshxona va yotoqxona mebel jihozlari tarqatildi.
Yangi yil bayrami arafasida bunday xayrli ishlardan ko‘ngli to‘lgan yurtdoshlarimiz ko‘zlarida quvonch yoshlari ila harbiylar sharafiga qo‘llarini duoga ochib, minnatdorligini bildirdi.
O‘zA