Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar maʼrifat maskanida
16:30 / 2019-10-10

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus samaralari Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat boʻlinmasi harbiy xizmatchilari hayotida ham muhim oʻrin tutmoqda.


Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus samaralari Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat boʻlinmasi harbiy xizmatchilari hayotida ham muhim oʻrin tutmoqda.

Harbiy qismda bu ezgu tashabbusning asosiy bandlaridan biri – yoshlarni maʼnaviy barkamol va kitobxon etib tarbiyalashga qaratilgan saʼy-harakatlar yosh harbiylarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirib, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayonda haftaning har chorshanba kuni – kitobxonlik kuni, deb belgilangan. Shu kuni shartnoma asosida xizmat qilayotgan hamda muddatli harbiy xizmatchilar Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida boʻlib, kitob mutolaasi bilan mashgʻul boʻlishi anʼanaga aylandi. Buning uchun kitobxon harbiylarga maxsus transport vositasi ham ajratilgan.

– Zamonaviy axborot-kutubxona markazi bilan shu yoʻsinda yaqin aloqani yoʻlga qoʻyganimiz harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmat burchini bajarayotgan askarlarimizning kitob mutolaasiga ehtiyojini yanada kengroq qondirishga koʻmaklashmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat boʻlinmasi podpolkovnigi F.Usmonxoʻjayev. – Vatanga muhabbat, qasamyodiga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini yanada mustahkamlab, yurtimiz osoyishtaligi, xonadonlarimiz obodligi va toʻkin turmushimizni taʼminlashga masʼullik hissini kuchaytirmoqda. Ularning boʻsh vaqtini foydali va qiziqarli oʻtkazishga yordam berayotir.

Surxondaryo viloyati markazida soʻnggi yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan muhtasham axborot-kutubxona markazi 300 mingdan ziyod turli kitob va 5 mingdan ortiq elektron kitob fondiga ega. Maʼrifat markazi bir yilda oʻrtacha 100 mingdan koʻproq kitobxonga xizmat koʻrsatadi. Zamonaviy ziyo maskanida Book-kafe va “Kitob olami” savdo doʻkoni, Wi-Fi hududi mavjud. Bunday sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishgan osoyishtaligimiz posbonlari kutubxonaga aʼzo boʻlgan.

– Bu maʼrifat maskani biz uchun eng qadrli dargohlardan biriga aylandi, – deydi muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan oddiy askar B.Roʻzmetov. – Haftaning chorshanba kuni boʻsh vaqtimiz boʻlganda bu yerga kelib, kitob mutolaasi bilan shugʻullanamiz. Bugun men Alisher Navoiyning “Hayratul abror“ dostonining elektron variantini oʻqidim. Kelgusi hafta kelib, bu asarni oxirigacha oʻqib chiqmoqchiman. Albatta, bu yerda olayotgan bilimlarim kelgusi hayotimda ham qoʻl kelishiga ishonaman. Bizga shunday sharoit yaratilganidan behad mamnunmiz.