FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan madaniyat markazida Janubiy operativ qo‘mondonligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi mas’ullari tomonidan jinoyatchilik va korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktik-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Termiz garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining huquqiy-me’yoriy asoslari, xususan, qabul qilingan qonun hujjatlari, davlat rahbarining farmon va qarorlari mazmun-mohiyati chuqur tahlil qilindi. Soha mutaxassislari tomonidan korrupsion holatlarning harbiy jamoalarda yuzaga kelishi qanday ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy oqibatlarga olib kelishi, ularning xizmat intizomiga, jamoaviy birdamlikka hamda milliy xavfsizlik tamoyillariga salbiy ta’siri haqida batafsil tushuncha berildi. Muloqot chog‘ida harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga da’vat etish masalalariga alohida urg‘u berildi.
[gallery-26650]
Uchrashuvda harbiy xizmatda qonuniylikni ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va har qanday noqonuniy harakatlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va fikrlar esa tadbirning interaktiv ruhda, samimiy va ochiq muloqot shaklida o‘tishiga zamin yaratdi.
Yakunda barcha ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, xizmat jarayonida shaffoflikni ta’minlash, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarish, harbiy etikani yuqori darajada saqlash bo‘yicha qat’iy tavsiyalar ilgari surildi. Shu bilan birga, harbiy qismlarda muntazam ravishda huquqiy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, xizmat intizomini kuchaytirishga qaratilgan yangi metodik yondashuvlar joriy etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etish joiz, mazkur tadbir shubhasiz Qurolli Kuchlar safiga kiruvchi har bir xizmatchining qonuniylik, halollik va fidoyilik tamoyillari asosida xizmat olib borishiga zamin yaratadi. Huquq ustuvorligi, halollik va javobgarlik bu – har bir harbiy xizmatchining kasbiy sha’ni va burchidir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA