Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar ikkinchi jahon urushi qatnashchisini yo‘qladi
14:37 / 2021-01-11

O‘tganlarni xotirlab, ezgu ishlarini yodga olish, bu yorug‘ dunyoda umrguzaronlik qilib, keksalik gashtini surayotgan, xonadonlarimizning fayzi hamda farishtasi bo‘lgan faxriylarimizni ardoqlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizga xos qadriyatlardan sanaladi.

Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari keksalarni qadrlash, ularga yuksak e’tibor berish kabi savobli ishga yana bir bor qo‘l urishdi. “Siz millat g‘ururi, faxru-iftixori” shiori ostida urush va mehnat faxriylarini yo‘qlamoqda.

Harbiy xizmatchilar Marg‘ilon shahar “Nadirmat” mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Akramjon Dadaboyev xonadonida bo‘lib, otaxon xolidan xabar olishdi.

Vatan himoyasi yo‘lida jang qilgan Akramjon ota bugungi kunda mahallada, ta’lim muassasalarida yoshlarga tinchlikning ulug‘ ne’mat ekani, farovon hayotimizning qadriga yetish, uni asrab-avaylash zarurligi haqida o‘git hamda maslahatlar berishdan charchamaydi. Uning ko‘ksini bezab turgan ko‘plab orden va medallar yoshlar, harbiylar uchun haqiqiy ibrat namunasidir.  

97 yoshni qarshilagan Akramjon ota harbiy xizmatchilar bilan dildan suhbatlashdi. Otaxon yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka tilab, duolar qildi.

 

M. SULAYMONOV,  O‘zA