French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar bilan ochiq muloqot
15:26 / 2025-10-20

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashining tashabbusi bilan Sirdaryo tumanida joylashgan 525-sonli safarbarlik chaqiruv rezervi batalionida harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh askar va ofitserlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbir “Rahbar va yoshlar” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy maqsadi harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy holatini o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini eshitish, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berish, yoshlarning faolligini va Vatanga sadoqatini oshirishdan iborat edi.

Muloqot samimiy va ochiq ruhda o‘tdi. “Ochiq mikrofon” shaklidagi suhbat davomida yuzdan ziyod yosh askar va xizmatchilar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va muammolarini bevosita viloyat rahbariyati va mutasaddilarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Suhbat chog‘ida ta’limni davom ettirish imkoniyatlari, harbiylar uchun mavjud davlat grantlari va imtiyozlar, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, armiya va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy ko‘priklarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yosh askarlar o‘z murojaatlarida harbiy qismda kitobxonlik burchaklarini ko‘paytirish, sport anjomlari bilan ta’minlash, motivatsion uchrashuvlarni ko‘paytirish kabi takliflar bilan chiqishdi. Ularning bir qator takliflari ijobiy baholanib, ayrim muammolar joyida hal qilindi yoki tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.

Yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan ishtirokchilarga respublika va viloyat darajasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan “Yoshlar daftari”, “Harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash” kabi dasturlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilar va tashabbuskor yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri