Mudofaa vazirligining Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi Termiz garnizonida xizmat qilayotgan harbiylar uchun 30 xonadonga mo‘ljallangan besh qavatli uy foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘z egalariga topshirilgan ko‘p qavatli uyda harbiylar va ularning oila a’zolari uchun barcha sharoit yaratilgan.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Qodirjon Tursunov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor, yurt tinchligi, xonadonlar obodligini ta’minlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Surxondaryo viloyati harbiy-ma’muriy sektori hamkorligida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Tadbirda yangi xonadonlarning kalitlari o‘z sohiblariga tantanali topshirildi. Yangi uyni tez va sifatli bunyod etgan “Farovon invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bir guruh ilg‘or quruvchilariga tashakkurnoma topshirilib, qimmatbaho sovg‘alar tuhfa qilindi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA