English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar bayramni yangi uyda nishonlashadi
10:47 / 2023-01-12

Guliston shahridagi "Yangi hayot" massivida 14 Yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent harbiy okrug qo‘mondonining o‘rinbosari Baxtiyor O‘ralboyev, viloyat mudofaa boshqarmasi harbiy xizmatchilari, viloyat va shahar hokimliklari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda hukumatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlanib,  30 nafar tinchligimiz posbonlariga yangi 2 va 3 xonali xonadonlar kaliti topshirildi.  

Zamonaviy loyihalar asosida qurilgan uylar shinam va barcha qulayliklarga ega. Mehmonxona, oshxona va boshqa yordamchi xonalar davr talabiga mos tarzda jihozlangan.  

– Davlatimiz rahbari tomonidan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash haqidagi tegishli qaroriga muvofiq 30 nafar harbiy xizmatchilar bugun o‘z uylariga ega bo‘ldi, – deydi Toshkent harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Baxtiyor O‘ralboyev. – Vatan himoyachilari kuni arafasida harbiy xizmatchilarimiz uchun bu qo‘shaloq bayram bo‘ldi.  

–20 yildan buyon respublikamizning Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlaridagi harbiy qismlarda sadoqat bilan xizmat qilib, hozirda Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismda xizmatdaman, –deydi mayor Jahongir Umarov. – Oilam bilan ko‘p yillardan buyon xizmat uylarida yashab keldik. Kamtarona xizmatim evaziga bugun 3 xonali o‘z uyimga ega bo‘ldim. Bundan nafaqat men, oilam, farzandlarim ham juda xursand. Prezidentimizdan, hukumatimizdan minnatdorman. O‘z yurtimga xizmat qilib, qadr topganimdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.  

– Bu yilgi vatan himoyachilari kuni bayrami hayotimda unutilmas kun bo‘lib qolmoqda, – deydi Mirzaobod tumanidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan podpolkovnik Feruzbek Komilov. –20 yillik xizmatlarim besamar ketmadi. Mening oilamga ham 3 xonali xonadon berildi. Vatanimga, Prezidentimga bo‘lgan ishonchim, muhabbatim yanada yuksaldi. Vatan himoyachisi degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lganim bilan faxrlanaman. Vatanimga, xalqimga, Prezidentimga yanada sadoqat bilan xizmat qilaman.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri