French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiylar Afg‘onistonga chegaradosh tumanda yoshlar bilan uchrashdi
09:33 / 2021-09-18

Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston bilan chegaradosh Muzrabot tumani Al Hakim at Termiziy mahallasidagi kasb-hunar maktabida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi hamda Termiz garnizoni harbiy orkestr harbiy xizmatchilari, tuman hokimligi, yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning orzu-istaklarini ruyobga chiqarish uchun berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Qalbida milliy armiyamiz saflarida yigitlik burchini o‘tash istagi jo‘sh urib turgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

–Ayni paytda hududimiz bilan chegaradosh Afg‘onistonda yuz bergan voqealar hamon dunyo hamjamiyati e’tiborida turibdi, – deydi Muzrabot tuman kasb-hunar maktabining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jamshid Nazarov. – Qo‘shni mamlakatda yuz berayotgan voqea-xodisalar bu ularning ichki ishi. Bizga umuman aloqasi yo‘q. Ta’siri ham sezilmadi. Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlar Afg‘onistonga viloyatimizda chegaradosh bo‘lgan hududlar haqida turli gap-so‘zlar yuritdi. Lekin, chegara hududda yashasak-da, biz hech qanday xavotirni sezganimiz yo‘q. Barcha o‘z ishi bilan band. Ta’lim muassasalarimizda qiziqarli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Chegaralarimiz mustahkamligi va Vatanimiz himoyachilarining sergakligiga ishonamiz. Shu bois ko‘nglimiz xotirjam, osoyishta hayot kechirayapmiz. Tinch, osuda turmushimiz qo‘riqchilari tomonidan tashkil etilgan bugungi tadbir ham mahallamizga bayramona shukuh ulashgani bilan esda qolarli bo‘ldi.  

Uchrashuvda mustaqillikni mustahkamlashda yosh avlod o‘rni, yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashning mazmun-mohiyati xususida ham o‘zaro fikr almashildi.  

– Bu tadbir kelgusi hayotimni belgilab olishga sabab bo‘ldi, — deydi kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Otabek Hasanov. – Hozir avtomobillarni ta’mirlash chilangari kasbi sirlarini qunt bilan o‘rganayapman. Harbiy libosi o‘ziga yarashib turgan akalarim bilan uchrashgach, kelajakda harbiy xizmatchi bo‘lish orzuim yanada mustahkamlandi. Harbiy libosning naqadar sharafli ekanini qalban chuqur his etdim. Ona Vatanning har qarich tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrashning mazmun-mohiyatini yanada teran angladim.  

–Viloyatdagi olis va chekka mahallalarda o‘tkazayotgan bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarimiz so‘nggi yillarda armiya va xalq birligini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasidir,–deydi Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Alisher Shirinov.– Dunyoning ko‘plab davlatlarida yuz berib turgan tahlikali davrda Vatanimiz xavfsizligini ta’minlash uchun yosh avlod ongu-shuurida vatanparvarlik tuyg‘usini, mard, jasur ajdodlarimiz davomchilari bo‘lish hissini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois yoshlar uchun o‘tkazilayotgan tadbirlarda Davlat chegarasining ximoyasi g‘ururli ish ekanini tushuntirib, chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi o‘smirlarni jismonan chiniqqan, ma’nan sog‘lom tarbiyalashga ko‘maklashishga, xalqimizning boy tarixiy an’analari asosida Vatanga sadoqat ruhida kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Termiz harbiy garnizoni harbiy orkestr jamoasi yurtga sadoqat, mardlik, jasurlik va vatanparvarlikni tarannum etuvchi kuy- qo‘shiqlarni ijro etib, yoshlarga o‘zgacha zavqu-shavq ulashdi.  

Tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh o‘quvchi-yoshlarga kitoblar jamlanmasi va boshqa esdalik sovg‘alar topshirildi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA