Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy yordam, kadrlar o‘zgarishi. Cho‘g‘ alangalanishi"da kim aybdor?
17:14 / 2023-01-25

Rossiya – Ukraina

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron telefon orqali muloqot chog‘ida Ukraina Qurolli kuchlari ehtiyoji uchun yengil quvvatli tanklar berish va mudofaa qudratini mustahkamlash ishida ko‘maklashish masalasini muhokama qildi.

Zelenskiy Makron 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida rossiyalik sportchilar qatnashmasligi chorasini ko‘rishi zarurligi haqida gapirgan.

Belgiya tashqi ishlar vaziri Aja Lyabib MAGATE bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashuvda Zaporoje AES atrofida xavfsizlik hududi yaratish masalasini ko‘targan. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi. Grossi Rossiya va Ukraina rahbariyati bilan ZAESdagi mavjud holat yuzasidan muzokara davom etishini aytgan.

Kecha Finlandiya Prezidenti Sauli Niinistyo Kiyevga kelib Zelenskiy bilan uchrashgani xabarini finlarning “Yle” agentligi tarqatdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan safar oldidan ommaviy axborot vositalariga xabar berilmagan. Niinistyo Kiyev viloyatining Buchu va Borodyanku shaharlarini ziyorat etgan. Ikki tomonlama muzokaradan so‘ng davlat rahbari “Finlandiya ukrainalik harbiylarni o‘qitishga, Ukraina ehtiyoji uchun Yevropada to‘planayotgan tank bo‘linmasiga harbiy texnika yetkazib berishga tayyor”, deya bayonot berdi.

Zelenskiy Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning o‘zaro urush boshlamaslik hujjatini qabul qilish taklifiga javoban, “Ukrainaning Minskka urush ochish niyati yo‘q”, deb ta’kidladi.

Germaniya hukumati qisqa muddatda Polshaning Ukrainaga nemislar ishlab chiqargan “Leopard” tankini yetkazib berishiga ruxsat berishi masalasini ko‘rib chiqadi, deya xabar qildi “Handelsblatt” gazetasi.

Kiyevda chiqadigan “Strana” nashri Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal lavozimidan ozod etilishi haqidagi taxminni yozib chiqdi.

Zelenskiy 22 yanvardagi video murojaatida kadrlar siyosatida jiddiy o‘zgarish amalga oshirilishiga ishora qilgan edi. Yaqin kunlarda Jamoalar va hududlar taraqqiyoti vaziri o‘rinbosari Vasiliy Lozinskiy, davlat rahbari ma’muriyati boshlig‘i o‘rinbosari Kirill Timoshenko, bosh prokuror o‘rinbosari Aleksey Simonenko va bir necha vazir o‘rinbosari ishdan bo‘shatilgan edi.

Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Ukraina “cho‘g‘i alangalanishida” AQSHni aybdor hisoblashini bildirdi. Bu haqda u  ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.

Zelenskiy jangovar buyruqni bajarmagan, jang maydoni yoki harbiy qismni tashlab qochgan harbiylarning jinoiy javobgarligini kuchaytiradigan qonunni imzoladi. Bu haqda Oliy Rada sayti ma’lum qildi.

Abror XON, O‘zA