Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmatga chaqiruv masalasi muhokama qilindi (+video)
09:04 / 2024-02-09

Toshkent viloyatida muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv va yigitlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, sektorlar rahbarlari, Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi va hududiy bo‘limlari mas’ullari, mahalla, yoshlar va sog‘liqni saqlash kabi tizimlar rahbarlari qatnashdi.  

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan 2023 yil uchun navbatdagi chaqiruv bo‘yicha Toshkent viloyatida belgilangan reja bajarilmagan. Ayniqsa, bu holat Yuqori Chirchiq, Zangiota, Oqqo‘ron, Chinoz tumanlari, Chirchiq va Angren shaharlarida qoniqarsiz. Bunda hududiy komissiya raislari--hokimlarning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari joylarda ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratmagan.  

Ayrim tuman Mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiya shifokorlari chaqiriluvchilarga yuzaki yondashgani oqibatida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning sog‘lomlik darajasi pasaytirib ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘yicha ham bir qator muammolar bor. Bu yo‘nalishda yoshlarni armiyaga yuborish bo‘yicha Bekobod shahri, Qibray va Zangiota tumanlarida mas’ullar yetarlicha jarayonni nazoratga olmagan.

– Harbiy xizmatga borish uchun bugun yigitlar qanday qiyinchilikka duch kelmoqda? Amin bo‘ldimki, bu borada hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Yoshlar Vatanga xizmat qilaman, O‘zbekiston armiyasi safida bo‘laman, deb orzu qilib turganda bu yo‘lga to‘g‘anoq bo‘layotgan ayrim illatlarga qarshi qat’iy kurashamiz, – dedi viloyat hokimi Z.Mirzayev.

Bundan tashqari, tuman-shahar mudofaa ishlari bo‘limlari o‘rganilganda Bo‘ka va Parkent tumanlarining binolari achinarli ahvolda, tuman hokimlari esa bu borada yetarlicha sharoit yaratmagan. Shu sababli viloyat hokimligi tomonidan binolarni ta’mirlash ishlari uchun zarur mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Fwipb_ZtTU0" title="Harbiy xizmatga chaqiruv masalasi muhokama qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Yig‘ilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiyaga qiziqishini orttirish hamda harbiy oliygohlar, Temurbeklar maktablarini keng targ‘ib qilish kerakligi bo‘yicha zarur vazifalar belgilandi. Joriy yilda harbiy xizmatga chaqirilayotgan yigitlarning salomatligi, jismoniy va psixologik ko‘rsatkichlarga jiddiy e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.

A.Musayev, D.Ernazarov (foto, video), O‘zA muxbiri