FOTOREPORTAJ
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo Vatan xavfsizligi va xalq farovonligiga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 13-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Unda mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bilan birga, harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning kelajagini ta’minlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
Yangi model asosida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchi “Bir million dasturchi” va “Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi” dasturlari doirasida zamonaviy IT va raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitiladi. Xizmat davomida oliy ta’lim muassasalariga kirish, sertifikat xarajatlarini qoplash va foizsiz ta’lim kreditlari ajratish imkoniyatlari yaratiladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish va qo‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar berish tizimi kengaytirildi.
Surxondaryoda amaliy ishlar ham izchil davom etmoqda. Mudofaa vazirligi va viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi hamkorligida askarlar ikki oylik amaliy kurslarda santexniklik, payvandlash va boshqa kasblarga o‘qitilmoqda. Oddiy askar Dilshodbek Tog‘onboyev suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tajriba orttirdi. Tolibjon Ramazonov payvandlash kasbini, Abduhalil Murotaliyev esa IT sohasida 20 dan ortiq nazariy va amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kasb egallagan harbiy xizmatchilar mehnat bozoriga tayyor, raqobatbardosh kadrlar sifatida kirib, oilalar daromadini oshirish, iqtisodiyotga malakali mutaxassislar oqimini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, harbiy xizmat davomida kasbga o‘qitish nafaqat har bir askarning shaxsiy rivoji, balki davlat xavfsizligi, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega. Vatanni qurol bilan himoya qilgan yoshlar, tinch hayotda ham bilim va kasbi bilan uni mustahkamlaydi.
[gallery-27913]
Amaldagi tizimli ishlar yoshlarni Vataniga sadoqatli, kasbiy jihatdan malakali va mustaqil kadrlar sifatida tayyorlashga xizmat qilmoqda. Har bir askar nafaqat Vatan himoyachisi, balki jamiyat rivojida faol ishtirok etuvchi mustahkam poydevorga aylanmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA