So‘nggi besh yilda Farg‘ona viloyatida harbiy xizmatchilarga 540 ta uy-joy qurib berildi. O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, o‘n yildan ortiq harbiy xizmatni o‘taganlarga turarjoy sotib olishda to‘lab beriladigan dastlabki badal 25 foizdan 35 foizga ko‘paytirildi.
Bugun Mustaqillikning 34 yilligi bayrami arafasida Farg‘ona shahrida harbiy xizmatchilarga navbatdagi uylar imtiyozli ipoteka kreditlari asosida qurib bitkazildi. Uni topshirish tantanalarida ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur voqelik mamlakatda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning xizmat va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi, dedi. So‘zga chiqqan harbiylar ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun oliy bosh qo‘mondon – O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirdilar.
[gallery-24986]
Shundan so‘ng uy sohibi bo‘lgan harbiylar oilalariga yangi uy-joy kalitlari tantanali suratda topshirildi. Alvon tasma kesilgach, harbiylar oilalari o‘zlariga berilgan xonadonlarga joylasha boshladilar. Ularning biri Madaminovlar oilasi edi.
– Turmush o‘rtog‘im 19 yildan buyon harbiy xizmatda. Uch nafar farzandimiz bor. Shu paytgacha xizmat uyi yoki ijarada yashadik, – deydi oila sohibasi Nargiza Madaminova. – Mana endi orzuimiz amalga oshdi. Bugun berilgan imtiyoz tufayli uyli bo‘ldik. Prezidentimizga rahmat!
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/ps-_fjIg_WA?si=DSe6JCOQyD2kB7Hw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA