Joriy yil 9 aprel kuni “Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lab beriladigan oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshirildi. Bunda pul kompensatsiyasi miqdorlariga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi.
Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha, respublikaning boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2 baravarigacha o‘zgartirish kiritildi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilandi. Oldin mazkur miqdor barcha uchun 25 foizni tashkil etgan.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va nogironligi bo‘lgan harbiy xizmatchilarni birinchi navbatda turar joy bilan ta’minlash belgilangan. Agar ular uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida turar joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, qaytarilmagan kredit miqdori va kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar Davlat byudjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA