Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmatchilar taqdirlanishdi
12:41 / 2026-02-09

Harbiy xavfsizlik va Mudofaa universitetining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug fakultetida bir oylik o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda okrug qo‘mondonligi va universitet professor-o‘qituvchilari, tajribali mutaxassislar hamda kurs tinglovchilari ishtirok etishdi.

Mazkur o‘quv kursi davomida guruh komandiri lavozimida faoliyat yuritayotgan harbiy xizmatchilar o‘zlarining kasbiy bilim va malakalarini yanada mustahkamlash, zamonaviy harbiy tayyorgarlik talablariga mos ko‘nikmalarni egallash imkoniga ega bo‘ldilar. Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy yo‘nalishlarni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etilib, tinglovchilarning jangovar salohiyatini oshirishga qaratildi.

O‘quv jarayonida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik, ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar, guruhni boshqarishning zamonaviy usullari bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lishdi. Xususan, malakali professor-o‘qituvchilar rahbarligida tezkor-taktik mashg‘ulotlar, o‘q otish tayyorgarligi, jismoniy va jangovar tayyorgarlik darslari yuqori saviyada olib borildi. Bu esa tinglovchilarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki amaliy harbiy mahoratini ham sezilarli darajada oshirdi.

Shuningdek, kurs davomida zamonaviy harbiy texnologiyalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, ularni jangovar va razvedka maqsadlarida samarali qo‘llash bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan mas’ullar kursni muvaffaqiyatli yakunlagan harbiy xizmatchilarni tabriklab, ularning kelgusi xizmat faoliyatida egallagan bilim va ko‘nikmalari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Shuningdek, o‘quv jarayonida faollik ko‘rsatgan, yuqori natijalarga erishgan tinglovchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur o‘quv kursi harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy tahdidlarga munosib javob bera oladigan yetuk komandirlarni tayyorlash yo‘lida yangi tizimli bosqich bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri