Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmatchilar malaka toifasi uchun sinovdan o‘tdi
15:12 / 2022-01-22

Mudofaa vazirligi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida harbiy xizmatchilar malaka toifasini oshirish uchun nazorat sinov mashqlari bo‘yicha imtihon topshirdi.

Bu haqda O‘zAga Termiz garnizoni 3-darajali serjanti Akbar Ahmedov xabar qildi.

Nazariy va amaliy yo‘nalishda o‘tkazilgan sinovda harbiy xizmatchilar birinchi hamda ikkinchi malaka toifasini olish yoki tasdiqlatish uchun hay’at komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazildi. Nazariy yo‘nalishda Vatanimiz himoyachilari 50 ta test savollariga javob izlagan bo‘lsa, amaliy yo‘nalishda jismoniy tayyorgarlik, otish tayyorgarligi, axborot texnologiyalaridan foydalanish va mutaxassisligi bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi.

Test savollarini yechishda Termiz garnizoni harbiy xizmatchisi serjant Bunyod Boymatovga teng keladigan topilmadi. Mayor Azizbek Xusenov jismoniy tayyorgarlikdan eng yuqori ball to‘pladi. Podpolkovnik Faridjon Narzullayev “Makarov” pistoletidan, kichik serjant Otamurod Xolliyev esa “Kalashnikov” avtomatidan otish bo‘yicha jangovar tayyorgarlik yo‘nalishida boshqalarga namuna bo‘ldi.

Nazorat imtihonlarini Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Sobirjon Baybayev boshchiligidagi hay’at kengashi ofitserlari baholab bordi.

Jangovar, jismoniy, ma’naviy-ma’rifiy ko‘nikmalarini oshirish va belgilangan toifalarni berish uchun o‘tkazilgan nazorat sinovida harbiy xizmatchilar yuqori ko‘rsatkichlarga erishib, okrug harbiy qismlaridagi jangovar tayyorgarlik hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlar darajasini amalda keng namoyish etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA