Surxondaryo viloyatida Sherobod tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularing oila a’zolari uchun mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida yangi xizmat uylari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda mahalliy hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, harbiylar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev va boshqalar keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar Milliy armiyamiz nufuzini yuksaltirib, jangovar shayligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun harbiy shaharchada foydalanishga topshirilgan har biri 16 xonadondan iborat ikkita uyda ham barcha qulaylik yaratilgan. Xonalar keng va shinam. Barcha xonalari mebel va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Ikki qavatli uylar hovlisida zamonaviy bolalar o‘yingohlari barpo etilgan. Bunday sharoitlar eng ulug‘, eng aziz bayramimizni yangi uylarda nishonlayotgan harbiylar va ularning oila a’zolariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Harbiy shaharchalarda yaratilayotgan bunday sharoitlar Vatanimiz himoyachilarining harbiy xizmatga bo‘lgan yondashuvini yanada yuksaltirib, harbiy qismlarda mas’uliyat va intizomni mustahkamlamoqda. Harbiylar va ularning oila a’zolari qalbida Yangi O‘zbekistondan faxrlanish tuyg‘usini yanada oshirmoqda. Tantanali tadbir harbiy xizmatchilarning oila a’zolari tayyorlagan milliy taomlar ko‘rgazmasi bilan davom etdi. Unda tadbir ishtirokchilariga bir-biridan mazali 40 dan ortiq turli taom tortiq qilindi. Ona Vatan, tinchlik va to‘kin hayot tarannum etilgan kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri