Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmatchilar baxshichilikda mahoratini namoyish etdi (video)
15:18 / 2025-03-25

Surxondaryo – azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan. Vohaning go‘zal tabiatini, suluv go‘shalarini bir bora ko‘rgan, bepoyon qir-adirlarida baxshilardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun bo‘lib qoladi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Baxshichilik” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.  

Tanlovda harbiy qism bosqichlaridan a’lo darajada o‘tgan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etgan 10 nafar ishtirokchi o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida yuz berayotgan yangilanishlar Vatanimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz osoyishtaligi va yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Qolaversa, an’ana va urf-odatlarimizni ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrli ekanini eslab o‘tdi.  

[gallery-22448]

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslar davomida ishtirokchilar milliy folklorimizning durdonalari bo‘lmish xalq dostonlari va termalaridan xirgoyilar qilgan holda g‘oliblik uchun bahs olib bordi.  

“Baxshichilik va dostonchilik san’ati yo‘nalishi” bo‘yicha g‘oliblik Kakaydi garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi kichik serjant Rustam Bakirovga nasib etdi.  

Tanlov g‘olib va sovrindorlari Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i bilan pul mukofoti, esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlandi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/YrqSMewQN9A?si=o-87mYcikNZpEi_c" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat,video),O‘zA