Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmat: saralash jarayonlari yuksak saviyada o‘tmoqda
15:21 / 2026-02-28

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlarni saralash jarayonlari uyushqoqlik va yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlarda okrug qo‘mondonligi hamda respublikadagi kuch tuzilmalarining rahbar xodimlari bevosita ishtirok etib, jarayonlarning shaffof, adolatli va belgilangan tartib asosida olib borilishini ta’minlamoqda. Harbiy xizmatga saralash tadbirlari mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, Vatan himoyasiga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlarni tanlab olishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi murakkab va tez o‘zgaruvchan zamonda har bir davlatning xavfsizligi, avvalo, uning Qurolli Kuchlari salohiyatiga bog‘liqdir. 

Saralash jarayonlarining dastlabki bosqichi sifatida chaqiriluvchilar malakali tibbiyot xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayonda yoshlarning umumiy sog‘lig‘i, jismoniy rivojlanish darajasi, turli kasalliklarga moyilligi hamda harbiy xizmatni o‘tashga yaroqlilik darajasi har tomonlama e’tiborga olinmoqda.

Tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar bilan chaqiruv komissiyasi a’zolari tomonidan suhbatlar tashkil etilib, ularning ma’naviy-axloqiy fazilati, dunyoqarashi, Vatanga sadoqati, kasbiy qiziqishi hamda kelgusidagi maqsad va rejalari o‘rganilmoqda.

Bu bosqich yoshlarni harbiy qismlarga to‘g‘ri va maqsadli taqsimlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir yigitning qobiliyati, qiziqishi va salohiyatidan kelib chiqib xizmat joyini belgilash – Qurolli Kuchlar safida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, muddatli harbiy xizmat yigitlar uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki haqiqiy hayot maktabidir. Harbiy xizmat davomida ular qat’iyat, intizom, mas’uliyat, jamoada ishlash ko‘nikmalarini egallaydi. Eng muhimi, yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada mustahkamlanadi.

Harbiy qism sharoitida shakllangan mustahkam iroda, jismoniy chiniqish va ruhiy bardoshlilik yoshlarning keyingi hayot yo‘lida ham muhim poydevor vazifasini o‘taydi. Ko‘plab yigitlar harbiy xizmatni o‘tab, o‘z hayotiga aniq maqsad bilan qaytmoqda, jamiyatda munosib o‘rin egallashga intilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA