English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy xizmat avvalo ruhiy barqarorlikdir
11:55 / 2025-10-03

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida – an’anaviy tadbirlar orasida inson ruhiga, qalb tetikligiga bag‘ishlangan yana bir dolzarb uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uchrashuvning mavzusi – “Harbiy jamoa va oiladagi salbiy ma’naviy-ruhiy muhitning ruhiy zo‘riqishga ta’siri” edi.

Tadbirda boshqarmaning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Avaz Ibragimov, shaxsiy xavfsizlik bo‘limi bosh inspektori podpolkovnik Marat Atabekov hamda “n” harbiy qism komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari katta leytenant Bahodir Qurbonnazarov hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.

Uchrashuv jo‘shqin ma’naviy ruhda o‘tdi. Faqat huquqiy tushunchalar emas, balki inson qalbi, ruhiy holat, ichki iztirob va kasbiy burchning o‘zaro bog‘liqligi haqida ham atroflicha so‘z yuritildi. Chunki huquqbuzarliklar – faqat qonunsizlik emas, ko‘pincha inson ruhidagi muvozanatning buzilishi natijasida yuzaga keladi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar va boshqarma xodimlariga salbiy ma’naviy muhitning inson psixologiyasiga ta’siri, ruhiy zo‘riqishning fuqarolik burchiga va xizmat samaradorligiga salbiy ta’siri haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Maxsus misollar, hayotiy holatlar asosida qilingan tahlillar orqali har bir ishtirokchi o‘ziga xos xulosa chiqardi.

– Harbiy xizmat – faqat jismoniy tayyorgarlik emas, avvalo, ruhiy barqarorlikdir. Askarning yuragida tinchlik bo‘lsa, uning qo‘lidagi qurol ham xalq manfaatiga xizmat qiladi, – deydi katta leytenant Bahodir Qurbonnazarov. – Ba’zan bir so‘z, bir munosabat insonning ichki quvvatini qayta tiklaydi. Bunday tadbirlar aynan shu imkoniyatni berishi shubhasizdir.

Maqsad – aniq: harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, inson qalbini tinch va mustahkam qilib, huquqbuzarlikka olib boruvchi har qanday omilning ildiziga yetish. Ruhiy zo‘riqishlarni bartaraf etish orqali xizmat intizomi, jamoaviy birlik va shaxsiy mas’uliyatni yanada mustahkamlash.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA