Guliston davlat universiteti Madaniyat saroyida Viloyat FVB tashabbusi bilan Guliston harbiy prokuraturasi, viloyat Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda tegishli kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda “Milliy armiya — ona yurt qanoti, tinchligimiz posboni” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik va targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni universitetning yoshlar ishlari va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha 1-prorektori Kozim Qudratov kirish so‘zi bilan ochib, favqulodda vaziyatlar xodimlarining aholi xavfsizligini ta’minlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim o‘rni haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari polkovnik Sherali Ernazarov tadbir ishtirokchilariga hududdagi xavfsizlik tizimi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Har bir yosh avlodni vatanparvarlik va harbiy hamda jismoniy tayyorgarlik ruhida tarbiyalash – davlatimiz va jamiyatimiz uchun ustuvor vazifadir. Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarning oldini olish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda doimiy faoliyat yuritmoqda. Bunday tadbirlar yoshlar bilan muloqotni kuchaytirib, ularda mas’uliyat va g‘amxo‘rlik hissini mustahkamlaydi.

Tadbirda ishtirok etganlar ushbu tadbirning ahamiyati va yoshlarning jismoniy hamda ma’naviy tayyorgarligini oshirishda qo‘llanilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar taqdim etdilar.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi harbiy orkestri ijrosidagi
qo‘shiq, kuy va raqslar, shuningdek xodimlarning sharafli va fidokorona faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri